1

Madaniy merosni asrab-avaylash, ommalashtirish munosabatlarida elchilar faol bo`lishi kerak

Madaniyat 11.12.2018, 16:10
Madaniy merosni asrab-avaylash, ommalashtirish munosabatlarida elchilar faol bo`lishi kerak

Avval xabar berganimizdek, Toshkentda O`zbekiston madaniy merosini saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish masalalariga bag`ishlangan xalqaro media-forumi bo`lib o`tmoqda.

Forumning ikkinchi kuni "Madaniy merosni ommalashtirishda multimedia trendlari. O`zbekiston tajribasi" mavzusida davom etmoqda.

Nufuzli tadbirning media-invent qismida spikerlar tomonidan "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasini qo`llab-quvvatlashda ayrim xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari tomonidan e`tibor, amaliy harakat etishmayotgani tanqid ostiga olindi.

Xususan, forum mehmoni, Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi Frederik Starr tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar diplomatik korpuslari vakillari oz sonli ekaniga e`tibor qaratdi.

– O`zbekistonning mazkur loyihasi dunyo amaliyotida madaniy merosni saqlab qolish va ommalashtirishda yangicha tajriba, shu bilan birga fuqarolik jamiyatida yangi hodisadir, – dedi F.Starr. – Afsuski, shunday tashabbus natijalari va kelgusi rejalarini ishlab chiqishga bag`ishlangan mazkur forumda xalqaro hamjamiyat vakillari, elchilarning juda kam sonda ishtirok etayotganiga guvoh bo`ldim. Vaholanki, davlatlar o`rtasidagi madaniy merosni asrab-avaylash, ommalashtirish munosabatlarida ular faol bo`lishi kerak.

Frederik Starrning mulohazalarini O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi, "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasi rahbari Firdavs Abduxoliqov ham qo`llab-quvvatladi.

– Aslida bu loyiha murosaning bir shakli, – dedi F.Abduxoliqov. – Uning doirasida chet ellardagi muzeylar xalqimiz madaniy merosiga oid namunalarning asl va foto nusxalari bilan o`rtoqlashmoqda. Masalan, Ermitaj bu borada bizga yaqindan ko`mak bermoqda. Lekin, mamlakatimizdagi xorijiy davlatlarning ba`zi elchixonalari og`zaki va`dalardan nariga o`tgani yo`q. Ular tomonidan amaliy harakatlar ko`rsatilmayapti.

Media-inventda spikerlardan biri, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham o`z munosabatini bildirib, ushbu tanqid elchilar uchun uyatli ekanini aytib o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1