​Birinchi rejissyor ayol – 80 yoshda!

Madaniyat 12.12.2018, 16:04
​Birinchi rejissyor ayol – 80 yoshda!

U o`zbek kinosini butun jahonga tanitgan birinchi rejissyor ayol. O`zbek kinosining faxri – Qamara Kamolova 9 dekabr sanasida 80 yoshga to`ldi. San`at ustasini qutlug` yoshi bilan muborakbod etish maqsadida uchrashdik.

— Qamara opa, qutlug` 80 yoshingiz muborak bo`lsin!

— Tashakkur!

— 27-30 noyabr kunlari poytaxtimizda «PROLogue» IV xalqaro kinofestivali bo`lib o`tdi. Tadbir haqidagi taassurotlaringiz qiziq.

— Odatda, bu kabi festivallarda tashabbuskor, haqiqiy kino jonkuyarlari ishlashadi. Festival yosh kinoijodkorlarni yanada ruhlantiradi, izlanishda davom etishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Festival bugungi kun kinosining qanday holatda ekanini ko`rsatadi. «PROLogue»IV xalqaro kinofestivalida bir-biridan yaxshi filmlar namoyish etildi. Tadbirda biz – kinochilar qadrdon do`stlarimiz bilan uchrashdik. Marosim tashkilotchilaridan minnatdorman!

— Siz suratga olgan «G`alati sarguzasht», «Rahim va qo`ng`iz», «Іakalak», «Qizcha va yulduzcha», «Velosiped qochib ketdi» nomli multfilmlarni hozir ham bolalar sevib tomosha qilishadi. Nima sabab bo`lib katta kinoga o`tib ketgansiz?

— 1964 yili «O`zbekfilm»ga ishga kelganimdayiliga 3-4 ta film suratga olinardi. Rejissyorlar ko`p edi. Shu kezlar multiplikasiya sexi ish boshlagan,«Multiplikasiyada bo`lsa ham rejissyor bo`lib ishlashim mumkin», deb o`ylaganman. O`n yil davomida o`nta multfilm ishladim. Ammo «Nima qilsam badiiy film suratga olaman», deb o`ylayverardim. Bu mening eng katta orzum edi. Dastlab «Achchiq danak» (“Gorkaya yagoda”) to`liq metrajli filmi ssenariysini yozdim. Biroq mutasaddilar ssenariyni boshqa tajribali ssenariynavis yozishi kerak, degan fikrni bildirishdi. So`ng Moskvadan boshqa bir ssenariynavisni chaqirtirishdi. Men uchun titrda kimning ismi turishi muhim emasdi. Filmni esa o`zim o`ylagandek, istaganimdek suratga olganman. Shu tariqa rejissyorlikda ish boshlaganimga o`n yil to`lganida kinoga kirib keldim.

— Nima uchun ko`p film suratga olmaysiz?

— Chunki yuragim buyurganini suratga olaman.

— O`zbek kinosining ko`pgina aktyor – aktrisalari sizning filmlaringizda kashf qilingan. Ulardan biri Ra`no Shodieva. Ra`noxonni ko`chada, tasodifan ko`rib qolib, kinoga taklif qilganingiz rostmi?

— Ha, haqiqatan ham shunday bo`lgan. Menga yuzidagi sepkillari yoqib qolgandi. U «Atrof oppoq qorga burkandi» filmida suratga tushgan.

— Bugun ko`pchilik rejissyorlar o`z jamoasi bilan ishlayapti. Kelgusidagi filmlaringiz uchun aktyorlar ansamblini jamlamoqchi bo`lsangiz, kimlarni taklif etasiz?

— Suratga olish maydonchasida begonalardan ko`ra, o`zing bilgan kishilar bilan erkin ishlash zavq bag`ishlaydi. Yangi film uchun Seydulla Moldaxanov, Behzod Hamroev, Ra`no Shodieva, Zarina Nizomiddinovalarni taklif etsam kerak.

— Filmlaringizda o`zingiz rol ijro etganmisiz?

— Yo`q.

— Nima uchun?

— Negadir kameradan cho`chiyman. Ko`rsatuvlarga taklif etishsa ham ko`pincha, rad etaman. Kamera qarshisida so`zimni unutib qo`yayotgandek bo`laveraman.

— Televidenie orqali namoyish etilayotgan seriallar kinokartinalar bilan raqobatlasha olyapti, desak bo`ladimi?

— Yo`q, bu fikrga qo`shilmayman. Nazarimda, kinoteatrga tashrif buyuruvchilar soni kamaygandek. Lekin odamlar yoppasiga kinozallarga borib, film tomosha qiladigan paytlar ham keladi. Yaxshi film uchun seriallar hech qachon raqobatchi bo`lolmaydi. Bundan tashqari, seriallar televizion filmlardir, ularningo`ziga xos spesifikasi bor. Filmlar esa badiiy hisoblanadi. Ikkalasining bir-biridan farqli tomonlari ko`p.

— Hamkasblaringizning yangi filmlari taqdimotiga borib turasizmi?

— Albatta, borishga harakat qilaman. Chingiz Aytmatovning «Sarvqomat dilbarim» asari asosida suratga olingan film yoqdi. Aktyorlar rollarini yaxshi o`ynashgan. Rejissyor ham ishiga sidqidildan yondashgan.

— Ayol rejissyor uchun eng muhim fazilatlar nima?

— Eng avvalo, irodasi kuchli, bir ishga shaylandimi, uddalamog`i, atrofiga o`ziga kerakli odamlarni to`plashga erishmog`i kerak. Agar rejissyor yumshoqtabiat bo`lsa, ko`p narsaga erisha olmaydi. Dastlab meni ham kichik jussali, ko`ngilchan deb o`ylashgan. Lekin zarurat tug`ilsa, vaziyatni o`zim istagandek boshqara olardim. Suratga olish maydonchasida juda ko`p savollar tug`iladi, juda ko`p odamlar to`planadi. Ular sizdan nimadir istashadi va fikringizni o`zlari bilmagan holda bo`lishga harakat qilishadi. Agar rejissyor diqqat-e`tiborini bir joyga jamlamasa, qiyin daqiqalarda o`zini qo`lga ololmasa, hech kim uni eshitmaydi. Rejissyorda ichki prinsiplar mustahkam bo`lishi, har qanday holatda o`z «meni»ni ko`rsata olishi lozim. Ana shunda uning hurmati baland bo`ladi.

— Bo`lg`usi kinorejissyorlarga aytar so`zlaringiz bormi?

— Yosh kinorejissyorlar kasbni puxta o`rganishlari kerak. Kino qonunlari, dramaturgiya bilan yaqindan tanishib, asta-sekin mahoratlarini oshirib borishlari zarur. Iqtidor hammaga ham berilavermaydi. Ular o`zlaridagi iqtidordan to`g`ri foydalana olsalar yaxshi film yaratishga muvaffaq bo`lishadi. Buning uchun hayotni juda ziyraklik bilan kuzatish va o`rganish lozim. Hali yoshman, o`rganishga ulguraman deb xato o`ylashmasin. Imkoniyat borida faqat olg`a intilish kerak.

Ilk mukofotimni «Achchiq danak» filmi uchun Moskva festivalida qo`lga kiritgan edim. Faoliyatim davomida Parij, Rim, Florensiya, Qohira, Berlin, Tunis, Karlova Vari kabi ko`plab shaharlarda o`tkazilgan xalqaro kinotanlovlarda hakamlar hay`ati a`zosi, faxriy mehmon sifatida, shuningdek, o`z filmlarim bilan qatnashganman.

Eng birinchi aktrisam Dilnoza Rasulova ismli qizaloq bo`lgan. O`shanda u 4 yosh edi. Shu qizcha «Ertaga chiqasanmi?» nomli filmimda suratga tushgan. Mendan keyin u juda ko`p filmlarda o`ynadi, Moskvada institutda o`qidi.

Ra`noni 13 yoshida ko`chada uchratib qolganman. O`shanda yonida dugonalari bor edi. Ular «Kinoga shu qizni oling, juda yaxshi qiz», deyishgan. Shundan keyin filmda suratga tushish uchun uni Buxoroga olib ketdik. Ra`no bilan ishlash qiyin bo`lmagan. Ishchan, aqlli, ziyrak qiz edi. Meni «Birinchi ustozim, kinodagi onam», deb e`zozlaydi.

MA`LUMOT

  • 1938 yil, 9 dekabrda Buxoroda tavallud topgan.
  • 1982 yili «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi» unvoni bilan taqdirlangan.

MOІINUR suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1