Prezident Shavkat Mirziyoyev O`zbekiston Islom sivilizasiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Ko`rgazmalar zalida O`zbekiston tarixi davrlar bo`yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta`kidladi.
Prezident qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ko`rgazmalar zalida O`zbekiston tarixi davrlar bo`yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta`kidladi.
“Hamma o`z tarixini ulug`laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qaerda yo`q. Bu merosni chuqur o`rganishimiz, xalqimizga, dunyoga etkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to`la tasavvurga ega bo`lishi, katta ma`naviyat olib ketishi zarur”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident joriy yil 15 iyun kuni O`zbekiston Islom sivilizasiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, uning poydevoriga tamal toshi qo`ygan edi. Bugungi kunda bino konstruksiyalari qad ko`tarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
Uch qavatli markaz qadimiy madrasalar uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qur`oni qo`yiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va ko`rgazma zallari bo`ladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni o`z ichiga oladi.