Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Sessiyada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
Toshkent shahrida 2017 yili yalpi hududiy mahsulot 5 foizga o`sgani qayd qilindi. Joriy yilda bu ko`rsatkich 8,1 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuni bo`yicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 9,2 foizga, qurilish ishlari 11,6 foizga, xizmat ko`rsatish 10,5 foizga o`sishi kutilmoqda. Bu mamlakatimiz bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlardandir.
Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha muhim yo`nalishlarni ko`rsatib o`tdi. Toshkent shahrini yirik ishbilarmonlik va moliya markaziga aylantirish bo`yicha strategiya ishlab chiqish zarurligini ta`kidladi.
— Bugungi globallashuv davrida iqtisodiyotga investisiyalarni faol jalb etib, biznes uchun qulay sharoitlar yaratib berayotgan shaharlar jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahrini yuqori texnologik sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, bank, moliya, sug`urta va boshqa zamonaviy xizmatlar ko`rsatadigan yirik xalqaro markazga aylantirishimiz zarur. Shahar atrofi sanoat zonalari, shahar ichi esa innovasion hudud bo`lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, aholi va turistlar uchun qulayliklarni oshirish bo`yicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.






