Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida tashkiliy masala ko`rildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati. Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo`jaev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
«Toshkent mamlakatimiz uchun qanchalik muhimligini hammangiz yaxshi bilasiz. Bu erga rahbar qo`yish ham osonmas. Shuni inobatga olib, Jahongir Ortiqxo`jaevni hokim vazifasini bajaruvchi sifatida 8 oydan buyon sinadik. To`g`risini aytish kerak, u shaharga kelib, muhitni o`zgartirishga erishdi. Hokimlikning obro`sini oshirdi, tadbirkorlarni o`ziga ergashtira oldi. Jahongir Ortiqxo`jaev Toshkent shahrining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu erdagi odamlarni va faollarni yaqindan biladi. Eng asosiysi, qanday qilib odamlar uchun ish joyi tashkil etishni yaxshi biladi», - dedi davlatimiz rahbari.
Xalq deputatlari Jahongir Ortiqxo`jaev nomzodini qo`llab-quvvatladi. So`zga chiqqanlar yangi hokim va uning barcha o`rinbosarlari, barcha faollar bir musht bo`lib, poytaxtimizni jadal rivojlantirish bo`yicha bugun belgilab berilgan vazifalarni bajarish yo`lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta`kidladilar.






