1

Superliga 2019 yil 33 turlik formatda o`tkaziladi

Sport 07.01.2019, 17:20
Superliga 2019 yil 33 turlik formatda o`tkaziladi

O`zbekiston Superligasida vaqti kelib jamoalar soni 16 taga qadar oshishi mumkin.

Ammo 2019 yilda ham chempionatda 12 ta klub g`oliblik uchun kurash olib boradi. Hammasi yil sayin raqobatbardosh klublar sonining oshishiga bog`liq.

2018 yilgi mavsumda Superliga bellashuvlari “oltin ochko” qoidasiga ko`ra o`tkazilgan va klublar jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushgandi. Mazkur formatning eng asosiy o`ziga xosliklari sifatida markaziy o`yinlar sonining ikki barobar ko`p bo`lishi hamda chempionlik uchun kurash masalasiga autsayderlarning aralashmasligini ko`rsatish mumkin.

Professional futbol ligasi 2019 yilda 12 ta klub uchun ishlab chiqilgan ikkinchi formatni sinab ko`rishga qaror qildi. Unga ko`ra, jamoalar uy-safar tizimida jami 22 ta tur uchrashuvlarini o`tkazadi. Qolgan 11 ta tur esa 22-turdan keyingi turnir jadvaliga qarab tuzib chiqiladi.

Bunda 1-o`rinni qo`lga kiritgan klub uchinchi davrada 2-o`rin sohibini o`z uyida qabul qiladi hamda 3-o`rin maydoniga safar etadi. 4-o`rin egasini o`z uyida qabul qiladi va 5-o`rinni egallagan klub maydoniga safar etadi. Shu tariqa istalgan jamoa 22-tur yakuniga ko`ra o`zidan keyingi o`rinda turgan klubni o`z maydonida qabul qiladi va keyingisining maydoniga safar etadi.

Mazkur formatda jamoalar mavsum so`ngiga qadar ikkiga ajratilmaydi. Klublar ishlagan ochkolar o`z o`rnida qoladi. Uchinchi davra taqvimi 22-tur yakuniga etganidan so`ng 10 daqiqa ichida muxlislarga havola etiladi. Buning hech qanday qiyin joyi bo`lmaydi. Turlar ketma-ketligi yil avvalida tashlangan qur`a qanday ko`rinish olgan bo`lsa, 33-turga qadar shu ketma-ketlikda qoladi.

PFL hamda O`FA chempionatning avvalgi formati o`zini oqlamagani uchun emas, ikki yo`lni solishtirish uchun ham shunday qarorga keldi. Agar 2020 yilda ham jamoalar soni 12 ta bo`lib qolaversa, u holda so`nggi ikki yildagi formatdan qay biri yaxshiroqligi borasida katta so`rovnoma o`tkaziladi. U vaqtda deyarli barchada formatlarni solishtirib olish imkoniyati bo`ladi.

Aslida esa o`zbek futbolidagi kamchiliklarni bartaraf etishda format hech qanday rol o`ynamaydi. Professional futbol ligasi mamlakat klublarini jiddiy lisenziyadan o`tkazish, ularning faoliyatini tartibga solish va ichki chempionatni kuchaytirish yo`lidagi izlanishlarini davom ettiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1