O`zbekiston futbol assosiasiyasi rasmiy sayti futbolchi Aziz Turg`unboev va uning atrofidagi voqealar bo`yicha yakuniy qarorini e`lon qildi.
Xabarda yozilishicha, bir vaqtning o`zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Aziz Turg`unboevning mojaroli ishi Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha qo`mita tomonidan o`rganib chiqilib, Aziz Turg`unboevning milliy terma jamoa futbolchisi ekani, bunday mojaroli ishga birinchi bor aralashib qolayotgani hamda boshqa bir qator omillar hisobga olinib, futbolchiga nisbatan engilroq jazo tayinlandi.
"Endilikda u 2019 yilning 9 iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikasiya qilinadi. Mazkur vaqt davomida Turg`unboev Superliga hamda Pro-liga “A” klublari bilan shartnoma imzolay olmaydi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo`minjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikasiya qilish haqidagi qaror Intizom va odob-ahloq qo`mitasi tomonidan qabul qilindi.
“Paxtakor” sport direktori Ja`far Irismetov va “Navbahor” vise-prezidenti Shamshod Sarikov xatoga yo`l qo`yganliklari sababli qo`mita tomonidan 6 oyga futbolda chetlatdi. Shuningdek, futbol haqida etarlicha tasavvurga ega bo`lmagan, o`z vazifasiga noloyiq deb topilgan “Navbahor” bosh direktori Rasul Akromov ham futboldan 6 oy “dam oladi”. U mazkur masalalarni o`z nazoratiga olmagani, reglament haqida tasavvuri yo`qligini tan olib o`tgan.
Ta`kidlanishicha, Aziz Turg`unboev bilan tuzilgan har qanday shartnomalar o`z kuchini yo`qotgan deb topiladi. Ya`ni, 9 iyulga qadar Turg`unboev hech bir klub bilan aloqaga chiqmaydi, ammo shu sanadan e`tiboran erkin agentga aylanadi. Turg`unboev bilan kelishish vaqtida hozir bo`lgan, biroq uning boshiga ish tushgan vaqtda himoya uchun kelmagan futbol agentlari bilan hamkorlik davom etishi yoki etmasligini uning o`zi hal qiladi.
Qarorning to`liq matni bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.