Fuqarolarning so`z va axborot erkinligiga doir konstitusiyaviy huquqlarining ro`yobga chiqishini ta`minlash Agentlikning asosiy vazifalaridandir.
Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi «Axborot sohasi va ommaviy kommunikasiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Farmoni bilan Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashkil etildi.
Farmon bilan Agentlikning asosiy vazifalari ham belgilandi. Xususan:
• fuqarolarning so`z va axborot erkinligiga doir konstitusiyaviy huquqlarining ro`yobga chiqishini ta`minlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish;
• ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta`minlash, shuningdek, investisiyalar jalb etish va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
• axborot sohasidagi qonun hujjatlarini qo`llash amaliyotini umumlashtirish, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilgari surish va ishlab chiqish;
• davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta`minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy o`zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo`yicha bo`linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta`minlash orqali ko`maklashish;
• mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, investisiyalar kiritish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay sharoitlarni, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ`ib etish va keng xabardor qilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan o`zaro hamkorlik qilish;
• tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlari, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
• kitob nashr etish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, xorijda o`zbek adabiyotini ommalashtirish sohasida dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta`minlash;
• jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda ko`maklashish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta`minlash;
• respublika axborot xavfsizligini ta`minlashda ishtirok etish hamda axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi o`z vaqtida va munosib ravishda kurashish choralarini ko`rish;
• Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar bo`yicha xalqaro hamkorlikni tashkil etish.