AsosiyJamiyat

2019 yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro`yxati e`lon qilindi

'2019 yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro`yxati e`lon qilindi'ning rasmi

Joriy yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro`yxati ma`lum bo`ldi, deya xabar qiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta`limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni bilan Davlat inspeksiyasiga umumta`lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholovchi mezonlar (reyting indikatorlari)ni tasdiqlash, 2019 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta`lim muassasalari reytingini tuzish, reyting yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o`quv yili boshlanishidan kechiktirmay e`lon qilish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2019 yil 30 yanvar kuni Davlat inspeksiyasi va Xalq ta`limi vazirligining videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishda joriy yilda reyting jarayoniga jalb qilinadigan umumta`lim muassasalarini tanlab olish, reytingga oid ma`lumotlar bazasini shakllantirish, ta`lim muassasalarida ijtimoiy so`rovlar o`tkazish, nazorat ishlari o`tkaziladigan fanlar va nazorat turlari belgilab olindi.

Eslatib o`tamiz, maktablar reytingi haqida avvalari ma`lumot berib o`tilgan edi.

Yig`ilish qaroriga ko`ra, joriy yilda quyidagi 3 ta ko`rsatkichlar (indikatorlar) bo`yicha maktablar reytingi tuziladi:

— “9-sinf o`quvchilarining bilim darajasi ko`rsatkichi”;

— “Oliy va birinchi toifali o`qituvchilar ulushi”;

— “Ijtimoiy so`rov natijalari”.

Belgilangan tartibga ko`ra, reytingda ishtirok etish uchun Respublika bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan o`rtacha 10 foiz maktablar tanlab olinadi. Tanlangan har bir maktabning 1 tadan 9-sinfi qura tashlash yo`li bilan sinovlarda ishtirok etadi va ushbu sinovlarga jami 30 ming nafar o`quvchilarning ishtirok etishi kutilmoqda.

Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumta`lim muassasalari ro`yxati ularning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlari tomonidan shakllantiriladi va Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Umumiy o`rta ta`limning davlat ta`lim standartiga muvofiq, umumta`lim fanlarini o`rganishning A2 tayanch darajasida belgilangan talab bo`yicha 9-sinf o`quvchilari uchun reyting o`tkazishda «Ona tili» fanidan 125-140 so`zdan iborat diktant yozilishi va «Matematika» fanidan 4 ta misol va 1 ta masaladan iborat yozma ish olinishi belgilandi.

Umumta`lim maktablarining reytingini aniqlash bo`yicha hududiy ishchi guruhlar tarkibi Davlat inspeksiyasi xodimlari, Xalq ta`limi vazirligining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlaridagi ta`lim sifati monitoringi sho`basi xodimlaridan iborat bo`ladi.

Shuningdek, o`quvchilar tomonidan yozilgan diktant va yozma ishlar Respublika ta`lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida ekspertlar tomonidan tekshiriladi.

Shu bilan birga 2019 yildan boshlab umumta`lim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi PISA xalqaro baholash dasturi talablariga muvofiq baholanishi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi.

Davlat inspeksiyasining matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, hozirda maktab reytingiga mo`ljallangan veb-sahifasi ustida ishlar olib borilmoqda. Bunda oldingi yili oliy ta`lim muassasalari reytingi natijalari e`lon qilingan vebportali (http://reyting.tdi.uz) platformasidan foydalanilishi reja qilingan.

2019 o`quv yilida reyting jarayonida qatnashadigan umumta`lim muassasalari

RO`YXATI

1.JPG

2.JPG

3.JPG

4.JPG

5.JPG

6.JPG

7.JPG

8.JPG

9.JPG

10.JPG

11.JPG

12.JPG

    Boshqa yangiliklar