AsosiySport

Farg`ona viloyati hokimi kubogi Qo`qonga yo`l oldi

'Farg`ona viloyati hokimi kubogi Qo`qonga yo`l oldi'ning rasmi

Bir necha yildan beri Farg`onada futbol bo`yicha viloyat hokimi kubogi musobaqasining o`tkazilishi an`ana tusini olgan.

Mazkur turnir qish faslida tashkil etilib, unda nafaqat Farg`ona viloyati va vodiy futbol klublari, balki yurtimiz viloyatlari hamda qo`shni Respublikalardan ham jamoalar ishtirok etishadi. Ammo bu galgi turnirda faqatgina Farg`ona vodiysi jamoalari g`oliblik uchun bahs olib borishdi.

2019 yilgi viloyat hokimi kubogida 18 ta jamoa to`rt guruhga bo`lingan holda bosh sovrin uchun kurashga kirishgan edi. Yakunda finalga eng kuchli ikki jamoa – Qo`qonning “Qo`qon-1912” hamda Farg`onaning “Neftchi” klublari etib kelishdi.

Mazkur jamoalar o`rtasidagi o`yinlar hamisha shiddatli va keskin kurashlar ostida o`tib kelgan. “Viloyat hokimi kubogi-2019” finali ham bundan mustasno emas. O`yinning dastlabki daqiqalaridan tomonlar hujumga zo`r berishdi. Ammo tajriba va mahorat bobida raqibidan hiyla kuchliroq bo`lgan qo`qonliklar 48-daqiqada g`alaba to`pini kiritishdi. Ushbu vaziyatda “Neftchi” o`yinchisi qo`pol xatoga yo`l qo`ydi va bundan Temur Usmonov foydalanib qoldi – 1:0. Qolgan daqiqalarda tomonlar harchand urinishmasin darvozalarga boshqa to`p kiritilmadi va shu tariqa “Qo`qon-1912” jamoasi yana “Viloyat hokimi kubogi-2019” g`olibiga aylandi. Eslatib o`tamiz, qo`qonliklar 2017 yilda ham ushbu sovrinni qo`lga kiritishgandi.

“Viloyat hokimi kubogi-2019”. Final

“Qo`qon-1912” – “Neftchi” – 1:0 (0:0)

Hakamlar: Sherzod Qosimov, Aleksandr Burov, Baxtiyor Shavkatov, Olim To`ychiboev.

Gol: Temur Usmonov (48, 1:0).

    Boshqa yangiliklar