AsosiyShou-biznes

Abdulla Qahhorning ikki oilasi

Shoir va yozuvchilarning shaxsiy hayotini ular ijodidan ajratib, alohida tasavvur etish mumkin emas. Shaxsiy hayotning yozuvchi, shoir ijodida qanchalik muhim o`rin tutishini mashhur adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinov o`rinli tarzda shunday ta`riflagan edi:
“Yozuvchi har kuni muntazam ravishda ish stoliga o`tirib, qog`oz qoralashi kerak. Buning uchun birinchi navbatda xayoli joyida bo`lishi, turmushning biror ikir-chikir tashvishini o`ylamasligi kerak. Faqat xotirjam bo`lgandagina biron ma`nili narsa chiqadi”.

Shu jihatdan qaraganda, ijodkorlarning rafiqalari ularning asarlari yuzaga kelishida, mashaqqat to`la hayotida qanchalik ijobiy rol o`ynaganini Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, shu jumladan, Cho`lpon, Botu tarjimai holi bilan tanishganda, to`liq amin bo`lamiz. Jahonga dong`i ketgan adib Lev Tolstoy ham bir umr xotinidan haddan ziyod aziyat chekkani ham ma`lum.

Sevimli adibimiz Abdulla Qahhor oilasidan yalchigan, bu jihatdan uning oldiga tushadigan yozuvchi juda kam bo`lgan. Shuning uchun adib shaxsiy hayotiga bir nazar tashlash foydadan xoli emas, albatta.

Abdulla Qahhorning birinchi oilaviy turmushi 22 yoshida, ya`ni 1929 yilda ro`y bergan edi. Ma`lumki, bu davrda u turmushning murakkab ikir-chikirlaridan to`la boxabar bo`lmay, qolaversa, oila qurishga tayyor emas edi. Birinchi xotinining ismi Zaynabxon Mirsalovna Najabova bo`lib, u onasi bilan birga yashar, uylari Abdulla Qahhor yashayotgan manzilga yaqin, bo`lajak adibning ikki xonali uyi Meyfondga qarashli bo`lib, O`qchi ko`chasida joylashgandi. Zaynabxonimning onasi kuyunchak ayol bo`lgan, u adibning kir-chirini yuvib bergan uylarini yig`ishtirishga yordam bergan.
Ammo, bo`lajak adib Zaynabxonim bilan qanday tanishgan, ularning turmushi qay tarzda kechgan, nega ularning oilaviy hayoti tezda zavol topgan, bu haqda adibning o`zi ham, u haqda xotira bitganlar ham biror og`iz gap aytishmaydi. Oilaviy hayot haqida ota-bobolar, qolaversa, qadimiy an`anaga qat`iy amal qilgan Abdulla Qahhor o`z tarjima holida ham, boshqa yozuv-chizuvlarida ham bu to`g`rida biror o`rinda, hatto ishora qilmagan, ular orasida ikki farzand dunyoga kelganini keyinchalik adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinov oshkor qilgan. xolos.
Shularga taxmin qilib, aytish mumkinki, ular o`rtasidagi oila — turmush shirin kechmagan bo`lsa kerak. Nazarimizda, adib o`tmishda qolib ketgan dilgir kechmishini esga olgisi kelmagan ko`rinadi. Shuning uchun suhbatlarda ham bir og`iz gap yo`q.

Abdulla Qahhor bilan Zaynabxon o`rtasidagi turmush 12 yil davom etdi. Ulardan ikki o`g`il dunyoga keldi. Birining ismi Po`lat bo`lib, 1932 yilda tug`ilgandi. Ikkinchisi esa Suyar — 1937 yilda dunyoga keldi. Keyinchalik Po`lat ulg`ayib, o`qidi, texnika fanlari nomzodi bo`ldi va Toshkent politexnika instituti talabalariga dars berdi. Suyar esa respublika oliy milisiya maktabini tugatib, Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasida xizmat qildi. Ammo ularning umri qisqa ekan. Adib vafotidan so`ng to`ng`ich o`g`li Po`lat yurak xastaligi tufayli 1969 yili hayotdan ko`z yumdi. Oradan bir yil o`tgach, Suyar baxtsiz tasodif tufayli olamdan o`tdi.

Abdulla Qahhor bilan Zaynabxon o`rtasidagi murosa bir-biriga to`g`ri kelmay qolgan bo`lsa kerak, ularning nikohi 1941 yilning aprelida ajralish bilan nihoyasiga etdi, deb yozgandi Ozod Sharafiddinov. Shu tariqa adibning bo`ydoqlik hayoti boshlandi. Bu hayot qanchalik og`ir, tashvishu baxtsizlikka to`la ekanini boshidan o`tkazgan kishilar biladilar. Boz ustiga Abdulla Qahhordek ta`bi nozik, ijodga nisbatan o`ta talabchan kishi uchun yolg`iz yashash koni zarar edi. Qolaversa, adib ro`zg`or yuritishga hamisha diqqat qilavermaydigan, «bu ishga vaqt sarflamasa ham bo`laveradi», deb hisoblagan. Garchi otasi usta Abduqahhor kabi temir-tersak ishlariga o`ta chapdast bo`lsa-da, bo`ydoqlik davrida na kiyim-boshi, na eb-ichishga durust qaragan.
Adibning hayhotday baland ikki xonali uyida bir temir karavotu, kitob javoni bo`lgan, xolos. Adib temir karavotda uxlab, elektr plitada biror egulikni xom-xatala pishirib egan-u, yozuv stoliga o`tirib, faqat ishlash bilan band bo`lgan. Abdulla Qahhor urush yillarida el qatori bir azob tortgan bo`lsa, yolg`iz yashash tufayli yanada ko`proq qiynalgan. “Shu bo`ydoqlik tufayli qancha hikoya va qissalar yozilmay qolib ketgan ekan?” deb afsus-nadomat bildiradi adib haqida kitob yaratgan Ozod Sharafiddinov.

Shu orada uch yil o`tib ketdi. 1944 yilning iyul oyida Hamza nomli teatrda Uyg`unning “Qaltis hazil” nomli spektaklini tomosha qilishga borgan Kibriyoxonimni shoir O`tkir Rashid Abdulla Qahhorga tanishtiradi. Adib o`shanda bu juvonning juda savodli, mumtoz adabiyotni chuqur bilishi, uncha-muncha odam yaxshi tushunmaydigan g`azallarni bemalol tahlil qila olishini ko`rib hayratga tushgan. Shu tariqa ular 9 oy uchrashib yurib, bir-birining mijoz va fe`l-atvoridan xabardor bo`lgan. Birinchi oila qurganidan ancha ko`ngil oldirib qo`ygan adib bu juvonni uzoq sinab, unda o`zi axtargan barcha ijobiy sifatlarni topgan. Shu tariqa ular 1945 yil 12 aprelda nikohdan o`tishadi.

Kibriyoxonim asli samarqandlik bo`lib, familiyasi Lutfullaeva edi. U 1914 yili Lutfulla maxdum Fayzullaev xonadonida tavallud topgan. Kibriyoxonim tug`ilganida, otasi 56 yoshda ekan. Shuning uchun bo`lsa kerak, maxdum barcha farzandlaridan ko`ra unga alohida mehr qo`yadi, dastavval o`zi o`qitib, bor bilimini unga singdirishga harakat qiladi. O`n yoshga kirgan Kibriyoxonim Sa`diy, Hofiz, Bedil, Jomiy asarlarini bemalol o`qiy olgan. Keyinchalik arab, fors tillarini mukammal o`rgangan. Kibriyoxonim bilan adib o`rtasidagi turmush o`zaro hurmat va chuqur ehtiromdan iborat bo`lgan, bu hozirgi yoshlarga ham saboq bo`lishi tabiiydir. Kibriyoxonim adib haqida “Chorak asr hamnafas” nomli xotira kitobida yozgan. Unda aytilishicha, ro`zg`orni asosan Kibriyo opa yuritgan, adibga ijod qilishi uchun barcha shart-sharoitni yaratgan.

Ko`pchilik opaning ajoyib pazandaligini tilga oladi. Ammo mijozi juda nozik adib uchun yana boshqa sifatlar ham zarur edi. Abdulla Qahhor bu ayolni faqat uy bekasi emas, balki o`ziga yaqin do`st, hamroz, hamdard inson deb bilardi. Adib she`riyatni juda sevgan. Bu jihatdan Kibriyoxonim Abdulla Qahhorning joniga oro kirgan, ular tez-tez she`rxonlik qilishgan. Shuningdek, Kibriyoxonim adibga mashinistka, haydovchi, engil tahrir ishlarida yordamchi bo`lgan. Ular birgalikda Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” ekopeyasining ikkinchi va uchinchi kitoblarini o`zbek tiliga o`girishgan. Asarning to`rtinchi kitobini adib vafotidan keyin Kibriyo Qahhorovaning yolg`iz o`zi tarjima qildi. Kibriyoxonim Abdulla Qahhorning barcha asarlarini tojik tiliga o`girgan edi.

Adib vafotidan keyin Kibriyo opa A.Qahhor uy-muzeyini ochish ishlari bilan band bo`ldi. U umrining oxirigacha ana shu uy muzey direktori vazifasini ado etdi.
Toshkentda Forobiy xilxonasida buyuk adib Abdulla Qahhor qabri joylashgan. Adibning yonida unga bir umr sadoqat bilan xizmat qilgan Kibriyoxonim dafn etilgan.

Fathulla Namozov

    Boshqa yangiliklar