Uning atrofida gap-so`zlar ko`paygani sari ko`payib boryapti: «Endi O`zbekistonga qaytib kelmasmish», «Biznesini topshirganmish», «To`yini o`zi o`tkazibdi», degan mazmunda. Mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedova bilan telefon orqali bog`landik. To`ydan so`ng turmush o`rtog`i bilan Moskvaga jo`nab ketgan suhbatdoshim barcha savollarga ro`yi-rost javob berdi.
— Turmushga chiqqach, Moskva shahriga jo`nab ketdingiz. Er-xotin bo`lak yashayapsizlarmi?
— Ha! Aslida, to`ydan so`ng ma`lum muddat Toshkentda qolib, qaynota-qaynonamning xizmatida bo`lishni niyat qilgandim. Afsuski, bunday bo`lmadi. To`y arafasida turmush o`rtog`im Toshkentda ko`p vaqt qolib ketgani uchun Moskvada hal qilinishi kerak bo`lshgan ishlari ko`payib ketdi. Shu sababli to`yimizning ertasigayoq jo`nab ketdik. Hozirda Rossiya davlatining poytaxtida yashayapmiz. Umr yo`ldoshim maktabni tamomlagach, kollej va institutni shu erda tamomlagan. Asosiy ish faoliyati ham Moskva shahrida. Kim biladi deysiz, ehtimol, qachondir Toshkentga qaytarmiz.
— Kelinlik vazifalari nima bo`lyapti? Avvalgi suhbatlarimizda bu haqida ko`p gapirar edingiz...
— Turmush o`rtog`imning oila a`zolari Toshkentda istiqomat qilishadi. Biz, er-xotin bo`lak yashasak-da, kelinlik vazifalarini bajarishga harakat qilyapman. Chunki bu mening qizlik orzuim! Har kuni turli xil pishiriqlar, taomlaru salatlar tayyorlayman. Ammo sepimga tikkan ko`ylaklarimni kiya olmadim. Turmush o`rtog`im «Juda ko`p ko`ylak tikkaningizni bilaman. Lekin meni oldimda do`ppi va yana shunga o`xshash boshkiyimlarda yurmang. Qulay, zamonaviy kiyinib yuring», dedi. Men uning talabini to`g`ri tushundim. Sepim uchun yaratilgan liboslarda esa o`zim uchun fotosessiya o`tkazdim. Mayli-da, esdalik bo`lib qoladi.
— Qaynota – qaynonangiz sizni qanday qabul qilishdi?
— Shukr, ular meni yaxshi qabul qilishdi. Garchand, xizmatlarini qila olmagan bo`lsam-da, kunora internet orqali qo`ng`iroqlashib, xabarlashib turamiz. Qaynona-oyijonim zamonaviy ayol, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni biladilar. Qaynopalarim bilan ham ahilmiz. To`y arafasida ular atelemizda libos buyurtma qilishgandi. Ana shunda ular bilan yaqin bo`lib qoldik.
— Instagramga kunora turli xil taomlaru pishiriqlar rasmini joylayapsiz. Nahot Shahzoda pishir-kuydirdan ortmay qolgan bo`lsa?
— Rassom-dizayner bo`lganim uchun interer, uy jihozlarini tanlash, pishir-kuydir masalalariga ijodkorona yondashaman. Ayniqsa, oshxonada taom tayyorlasam, u, albatta, o`zgacha bo`lishiga harakat qilaman. Bugun uy bekasi rolida maza qilib taom tayyorlayapman. Shu bahonada o`zim ham dam olyapman. Bundan ikki yarim oy oldin hammasi tamoman boshqacha edi: har kuni allamahalgacha ateleda band bo`lardim, kechalari libos tikardim, chizma chizardim, yana viloyatlarga to`y xizmatlariga ham borib kelardim. Bularning barchasi nihoyatda katta kuch talab etar edi. Ateleda yordamchilarim ko`p bo`lsa-da, libosdagi eng murakkab ishni o`zim bajarishga odatlangandim. Bir so`z bilan aytganda, tinimim bo`lmasdi. Ammo bunday hayot tarzi meni ham ruhan, ham jismonan zo`riqtirgan ekan. Hozir asosiy vaqtim uy ishlari, pishir-kuydir bilan o`tyapti. Bilsangiz, buning ham o`zgacha gashti bo`larkan.
— Pazanda ekaningizni ko`p ta`kidladingiz. Xo`sh, turmush o`rtog`ingiz siz pishirgan qaysi taomni maqtab eydi?
— O`zimizning milliy taomlarimizdan xonimni yoqtirib eydi. U ko`proq baliqdan tayyorlanadigan ovqatlarni xush ko`radi. Ayniqsa, baliq sho`rva jonu dili. Ochig`i, baliqdan «Uxo» deb nomlanadigan suyuq taom tayyorlanishini bilmasdim. Turmush o`rtog`im «Bugun ovqatga «Uxo» tayyorlang», deganida, «Bu qanday taom ekan?» deb o`ylanib qoldim. Keyin esa darhol internetdan reseptini izlab topdib, tayyorlashni o`rganib oldim. Hozir ancha qo`lim kelishib qolgan. Turmush o`rtog`imga ham tayyorlagan taomlarim manzur bo`lyapti.
— Zamonaviy kelinlar usulidan foydalanibsiz-da?..
— Menimcha, bugun hamma kelinlar taomlaru pishiriqlar reseptini internetdan o`qib yoki video darslardan ko`rib, o`rganishyapti. Bu juda qulay.
— Yaxshi. Adashmasam, umr yo`ldoshingiz xonanda Manzuraning klipida suratga tushgan edi?
— Ha, shunday. Lekin turmush o`rtog`im aktyor emas, arxitektor. Qurilish kompaniyasi rahbari. Agar san`atkor bo`lganida, u bilan oila qurmagan bo`lardim.
— Sabab?
— Avvaldan buni xohlamaganman. San`atkorga turmushga chiqmayman, derdim, doim. Xonanda Manzuraning klipida suratga tushishi esa tasodifan yuz bergan. Turmush o`rtog`im asosiy ish faoliyatidan tashqari konsertdasturlarini tashkillashtirish bilan ham shug`ullanadi. O`tgan yil Manzura Moskvada konsert berganida tanishib qolishgan va suhbat davomida klipda suratga tushish taklifi bildirgan. Bor gap shu.
— Boyadan beri to`y haqida gaplashayapmiz-u, qanday tanishganingiz haqida so`ramabman.
— Xabaringiz bor, ikki marta «Moda Rossii» xalqaro moda festivalida ishtirok etdim. Meni u erga xalqaro madaniyat ishlari bo`yicha mas`ul shaxs Sirojiddin Tohirov taklif etgandi. Samolyotimiz Moskva shahri aeroportiga kelib qo`nganida, bizni Sirojiddin Tohirovning yaqin do`sti, ya`ni «kuyovbola» kutib olgan. Bizni tanishtirishgan, bir-birimiz haqimizda qisqacha ma`lumotga ega bo`lganmiz.
— Shu yigit taqdirim bo`lsa-chi, deb o`ylaganmisiz?
— Yo`q. O`shanda bor diqqatim festivalga qaratilgandi. Xayolimda 15-20 ta ko`ylakni dazmol qilish, namoyishni chiroyli o`tkazish kabi o`ylar charh urardi. Sevgi-muhabbat haqida umuman o`ylamaganman.
— Xo`sh, keyin nima bo`ldi? Siz Toshkentga qaytib keldingiz, u esa Moskvada qoldi...
— Uyga qaytganimdan so`ng ko`p o`tmay sovchilar kela boshladi. O`zimcha «Har doimgidek so`rab kelishyapti-da», deb e`tibor qilmadim. Ana shunday kunlarning birida onam «Moskvada yashaydigan bir o`zbek yigitidan sovchi keldi», dedilar. «Sovchi kimdan ekan? Men uni taniymanmi?», deganimda, onam bo`lajak turmush o`rtog`imning ismini aytdi. «Yo`g`-e, bo`lishi mumkinmas. Axir unda menga nisbatan biror iliqlik borligi sezilmadi-ku? Alohida e`tibor ko`rsatganini ham bilmadim. Hatto telefon raqamimni ham so`ramadi, qanday qilib sovchi qo`yadi?» – deya o`ylab, o`yimga etolmasdim. Sovchilar ikki marta kelib, ketishganidan so`ng u menga «SMS» yozdi. Lekin men uning turmush qurish taklifini qabul qilmadim. «Biz boshqa-boshqa odamlarmiz. Meni o`z oldimga qo`ygan maqsadlarim, orzu-xavaslarim bor», degandim. U esa «Hech nimadan xavotir olmang. Barchasi amalga oshadi», dedi. Keyin «Siz meni tanlamaganingizdan hali afsus qilasiz», deb gapini davom etdi. To`g`risi, uning gap-so`zidan o`ylanib qoldim: «Shunchalik o`ziga ishonadimi? Uni rad etib, keyin afsus qilsam-chi?», deb. Suhbatimiz davomida «Menga ishoning, men sizni baxtli qilaman. Faqat bir shartim bor, nimagaki o`z mehnatingiz bilan erishgan bo`lsangiz, ya`ni mashina, atele, qimmatbaho narsa-buyumlar – barchasini ota-onangizning uyida qoldirib kelasiz. Bundan buyog`iga nima kerak bo`lsa, barini o`zim muhayyo qilaman», deganida, unga nisbatan hurmatim oshdi. Qolganidan xabaringiz bor: fotiha, to`y...
— Hozir atele ishlari bilan kim shug`ullanyapti?
— Boshqaruvni onamga topshirganman. Ateleda malakali ishchilar faoliyat yuritishadi. Men ularga to`liq ishonaman. Buyurtma bergan mijozlarga internet orqali liboslar chizmasini jo`natib turibman.
— Darvoqe, aktrisalikni davom ettirasizmi?
— Film ssenariysi menga va turmush o`rtog`imga ma`qul kelsa, kinoda suratga tushaman.
— Mavzudan biroz chetlashib, so`rasam: yaqin dugonangiz — Muqaddas Sa`dullaeva ikkinchi bor ona bo`ldi. Instagramda birinchilardan bo`lib tabriklaganingizga qaraganda, Yigitali bilan munosabatlaridan xabaringiz bo`lgan?..
— Bilasizmi, hech qachon dugonamning shaxsiy hayotiga aralashmaganman. U doim o`zi uchun o`zi qaror qabul qilgan. To`g`risi, uning farzand kutayotganidan xabarim yo`q edi. Balki bu masalada gapirishga xijolat bo`lgandir.
— Rostan ham hech nimani bilmasmidingiz?
— Homiladorligini to`y arafasida bildim. «Kimga turmushga chiqding?» deb so`raganimda, u aktyor Yigitali Mamajonovni aytdi. Hayron bo`lib «Nega aynan u?» deb savol berdim? Muqaddas «Shu inson taqdirim bo`lsa kerak. Baxt nima ekanini endi his qilyapman», dedi. Shundan keyin ortiqcha so`z demadim. To`g`ri, Muqaddas bilan dugonamiz, ammo shunday bo`lsa-da, uning hayotiga aralashishga haqqim yo`q. U shuni ma`qul ko`ribdimi, baxtli bo`lsin. Farzandli bo`lganida uning uchun xursand bo`ldim.
— Yaxshi. Keling, endi o`zimizning suhbatga qaytsak, Shaxzoda to`yini o`zi o`tkazibdi, degan gap chiqdi...
— Yo`g`-e, juda unchalikmasdir. Rostan shunday deyishyaptimi?
— Eshitganimni aytdim.
— Boya aytganimdek, turmush o`rtog`imning talabi bilan bor «bisotim» ni Toshkentda qoldirib keldim. Umr yo`ldoshim juda g`ururli yigit. Erkak kishi oilasi, ayoli, farzandlarini ta`minlashga mas`ul, deb hisoblaydi. To`yimizni ham o`zi o`tkazdi. Men bir so`m ham sarflamadim! Faqat to`y g`oyasi meniki, xolos. Bordi-yu, buning aksi bo`lganida to`yni to`xtatar edim. Chunki ayol kishining puliga yashaydigan, o`z orzu-havaslariga erishadigan erkaklarni umuman hurmat qilmayman.
— Xotirjam va asosiysi baxtli yashayotganingizdan xursandmiz. Turmushingizga ko`z tegmasin!
— Minnatdorman!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.