Toshkentda 19 fevral kuni “Markaziy Osiyoda o`zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo`nalishlarini amalga oshirish doirasida o`tkazilayotgan tadbir Tashqi ishlar vazirligi va BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Afg`oniston, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Eron, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Isroil, Ispaniya, Qozog`iston, Kanada, Misr, Xitoy, Koreya, Kuvayt, Ozarbayjon, Qirg`iziston, Latviya, Malayziya, Niderlandiya, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tailand, Turkiya, Vengriya, Ukraina, O`zbekiston, Finlyandiya, Fransiya, Shvesiya, Yaponiya davlatlaridagi tahliliy markazlarning 100 dan ziyod vakillari ishtirok etmoqda.


Anjumanda Evropa Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Arktika maslahatlashuv kengashi mintaqaviy tuzilmalari, shuningdek, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Evropa investision banki va boshqa xalqaro moliya institutlaridan qatnashchilar tashrif buyurgan.
O`zbekiston ichki va tashqi siyosatida tinchlikparvarlik, manfaatli va ishonch ruhidagi sheriklik tamoyillari ustuvor hisoblanadi. Shavkat Mirziyoev Prezident lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq mamlakatimizda o`zaro manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qo`shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratilishini qayd etgandi.


Bu kabi maqsadlar 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida o`z ifodasini topgani mamlakatimizning ochiq, do`stona va pragmatik siyosatdagi qat`iy pozisiyaga sodiqligiga yana bir dalildir. Unda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash, chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosiy faoliyat yuritish, ahil qo`shnichilik muhitini shakllantirish kabi masalalar ustuvor yo`nalishlar sifatida belgilangan.
O`tgan qisqa vaqtda mintaqa davlatlari o`rtasida ishonch darajasi sezilarli oshdi. Qo`shni mamlakatlarga safarlar, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg`oniston Prezidentlarining mamlakatimizga tashriflari natijasida mintaqada savdo aloqalari faollashdi, hududlararo hamkorlik bo`yicha manfaatli echimlar topilib, transport kommunikasiyalari imkoniyatlarini muvofiqlashtirish, Davlat chegaralarini demarkasiya va demilitasiya qilish bo`yicha muloqotlar faollashdi.


Samarqandda 2017 yilning noyabr oyida o`tkazilgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik" mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman natijasida 2018 yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo`yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyusiyasi qabul qilindi. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta`minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda yakdil qarashlarga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo energiya va mineral resurslarga boy, madaniy-gumanitar va ulkan inson kapitaliga ega. Shu bilan birga, mintaqa uchun xalqaro terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosi tahdidi mavjud. Ko`p yillardan buyon Afg`onistonda davom etayotgan mojarolar davrimizning murakkab muammolaridan biri bo`lib qolmoqda. Afg`onistonda tinchlikka erishish esa Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta`minlashning muhim shartidir.


Shu ma`noda, bugun O`zbekiston Afg`oniston mojarosini hal etishdagi xalqaro sa`y-harakatlarning sezilarli kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, yaqin qo`shni mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy infratuzilma loyihalariga jalb qilishga qaratilgan intilishlarni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlarini doimiy o`tkazish tashabbusi mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qo`llab-quvvatlanmoqda.


Davlatimiz rahbari Ostonada o`tgan ushbu formatdagi ilk uchrashuvda so`zlagan nutqida eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo`yicha keng fikr almashish, ular bo`yicha umumiy pozisiyani kelishib olish zarurligini taklif etdi. "Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi zaxira va amaliy mexanizmlarni izlash kerak", deb ta`kidlagan edi davlatimiz rahbari.
“Markaziy Osiyoda o`zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusida o`tayotgan xalqaro konferensiya shu boradagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya mintaqa va dunyoning qator davlatlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan qo`llab-quvvatlandi.
Anjuman ochilishida so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German so`nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar, investisiyaviy munosabatlarda ijobiy dinamika kuzatilayotganini, bu esa dunyodagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga bevosita ta`sir ko`rsatishini ta`kidladi.

Qirg`iziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori Kuvanichbek Shadibekov Prezident Shavkat Mirziyoevning o`zaro manfaatli kelishuvlarni amalga oshirish tashabbuslari mintaqa mamlakatlari o`rtasidagi ishonchni mustahkamlab, xalqlarimiz turmush darajasini oshirish va xavfsizligini ta`minlashga xizmat qilayotganini ta`kidladi.
Qozog`iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog`iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o`rinbosari Sanat Kushkumbaev tarixiy, geografik, iqtisodiy, demografik jihatdan Markaziy Osiyo markazida joylashgan O`zbekiston tomoni sa`y-harakatlari sabab chegara, savdo, energetika, suv resurslari bo`yicha faol muloqotlar olib borilayotganini qayd etdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori o`rinbosari Parviz Muhammadzoda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan o`tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya o`ta dolzarb masalalarga qaratilgani va o`z vaqtida ilgari surilganini ta`kidladi.

Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligi vakili Iskander Orazov konferensiya ko`p tomonlama fikr almashish, o`zaro muvofiq yondashuvlar ishlab chiqish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay imkoniyat ekanini bildirdi. Tadbirning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ahamiyatini yuqori baholadi.
Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili ofisi mutaxassisi Favziya Aral O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyo va Afg`oniston o`rtasidagi diplomatik munosabatlarni faollashtirish, Afg`onistonda tinchlik o`rnatish va iqtisodiy rivojlanishga erishish borasidagi intilishlari o`z natijalarini berayotganini qayd etdi. Bugungi yirik anjuman ham tomonlarning barcha yo`nalishlardagi hamkorligini yuqori bosqichga olib chiqishda yana bir muhim qadam ekanini ta`kidladi.
Xalqaro konferensiya shu`ba majlislarida davom etdi. Ularda savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikasiya, xavfsizlik, ekologiya, energetika, turizm sohalarida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ta`lim, fan yo`nalishlaridagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi, ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar keng muhokama etildi.
Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish mintaqada erkin savdo tartibini samarali joriy etish, bojxona va chegara tartib-qoidalarini soddalashtirishga bevosita bog`liq ekani qayd etildi.

Anjuman ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarining ishonch ruhidagi maslahatlashuvlarini ijobiy baholab, bu ishlarni davom ettirish savdo, iqtisodiyot, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda tashabbuskori O`zbekiston tomoni bo`lgan BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Afg`onistonda tinchlik o`rnatish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash yuzasidan fikr almashildi.
Mintaqa davlatlarining dengiz portlariga va xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradigan transport va logistika tizimlarini yaratish, mavjud turistik imkoniyatlardan samarali foydalanish hisobiga sayyohlik sohasining iqtisodiyotdagi ulushini oshirib borish masalalariga ham e`tibor qaratildi.
Konferensiyaning birinchi kunida “Savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlik”, “Mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash”, "Ekologiya va energetika, suvdan oqilona foydalanish", "Turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar" mavzularida shu`ba majlislari o`tkazildi. Mamlakatimiz va xorijlik olimlar, nufuzli ekspertlarning tahliliy ma`ruzalari tinglandi va muhokama qilindi.






