AsosiySiyosat

Elektr energetikasi sohasini yanada isloh qilish vazifalari belgilandi

'Elektr energetikasi sohasini yanada isloh qilish vazifalari belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 fevral kuni elektr energetikasi tarmog`ida investisiya loyihalarini amalga oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Elektr energetikasi iqtisodiyot rivoji, hayot sifatini ta`minlaydigan asosiy manbalardan biri. Bu tarmoqda qator kamchiliklar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatimizni innovasion rivojlantirishga xalaqit qilayotgan edi.

Shu bois, Prezidentimizning 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Unga elektr energetikasi hamda neft-gaz sohasidagi muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg`i-energetika resurslari bilan barqaror ta`minlash bo`yicha katta vakolatlar berildi.

2019 yilgi Investisiya dasturiga elektr energiyasi tizimi bo`yicha umumiy qiymati 8,1 milliard dollarlik 33 ta loyiha kiritilgan. Joriy yil qariyb 620 million dollar o`zlashtirilib, 7 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari ushbu investisiya loyihalarini sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Xorazm – Sarimoy punktigacha 220 kilovoltli elektr liniyalarini tortish”, “Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizasiya qilish”, “To`raqo`rg`on issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalarini amalga oshirish muddatlari kechikkan. Shu bois, Energetika vazirligi va “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro moliya tashkilotlari mablag`larini to`liq o`zlashtirish, loyihalarni o`z vaqtida bajarib, mablag`larni iqtisod qilish vazifasi qo`yildi.

Elektr energiyasi quvvatlarini modernizasiya qilish ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi. Tarmoqda investisiya siyosati noto`g`ri tashkil etilgani, ya`ni to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilishga umuman e`tibor qaratilmagani tanqid qilindi. Buning oqibatida korxonalar qarz olish yoki loyihalarni o`z mablag`lari hisobidan amalga oshirishga majbur bo`lmoqda.

Prezidentimiz sohadagi muhim yo`nalishlarni belgilab berdi. Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida muqobil energetikani rivojlantirish, bunday loyihalarga chet el investisiyalari jalb etish imkoniyati katta ekani ta`kidlandi.

Hozirda yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo`yicha Turkiyaning “Yildirim grup”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Mazdar” jamg`armasi va Xalqaro moliya korporasiyasi bilan ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik 13 ta istiqbolli loyiha bo`yicha xorijiy hamkorlarni aniqlash, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish bo`yicha manzilli “Yo`l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni keng jalb qilish uchun xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasi sotib olish tartibi va tariflarini belgilash zarurligi ta`kidlandi.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga ham e`tibor qaratildi.

Elektr energiyasini eksport qilish bo`yicha mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, Surxon – Puli – Xumri tarmog`ini qurishni tezlashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 fevraldagi qarorida “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo`yicha qaror loyihasini tayyorlash belgilangan edi. Davlatimiz rahbari bu qarorda ishlab chiqaruvchi – etkazib beruvchi – taqsimlovchi vazifalardan kelib chiqib, korxonalar funksiyasini aniq ajratish, sohaga bozor munosabatlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

    Boshqa yangiliklar