O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bo`yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilib, navbatdagi muhim vazifalarni belgilab olishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilishda yangi soliq tizimini joriy etishda sustkashlikka yo`l qo`ygan ayrim viloyat hokimlarining birinchi o`rinbosarlari, tuman hokimlari va ularning o`rinbosarlariga intizomiy choralar ko`rildi.
– Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog`iga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida to`liq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yo`l qo`yilmasin. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va ko`makchi bo`lib, soliqlarni aniq hisoblash va to`lashda to`g`ri yo`l ko`rsatishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Soliq xodimlari malakasini oshirish, soliq to`lovchilarga hisobotlarni shakllantirish va hisob-fakturalarni to`ldirish tartiblarini o`rgatish masalalari muhokama qilindi.
Ayrim tadbirkorlar yangi soliq tizimini qo`llash bo`yicha etarli bilimga ega emasligi tufayli tovarlarga asossiz ravishda qo`shimcha ustamalar hisoblash hollari uchramoqda. Bu iste`mol bozorida narx-navoga o`z ta`sirini o`tkazmoqda.
Shu bois respublika shtabiga hududlarga chiqib, joylarda narx-navo oshishi sabablarini doimiy tahlil qilish, ularning asossiz o`sishining oldini olish bo`yicha qo`shimcha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. Yangi soliq tizimi bo`yicha yuzaga kelayotgan ko`plab savollarga javob topish uchun uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida maxsus efirlar tashkil etish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Videoselektorda soliqlar to`lovini amalga oshirishda noqonuniy holatlar ayrim misollar asosida muhokama qilindi. Yirik ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan sotilayotgan tovarlar harakatini tahlil qilib, naqd pulsiz hisob kitob-qilish ko`lamini kengaytirish, buning uchun elektron hisob-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi ta`kidlandi.
Soliq idoralariga joylardagi boqimanda qarzdorlikni undirish, daromadlarning ichki zaxiralarini izlash bo`yicha tavsiyalar berildi. Jumladan, Davlat soliq qo`mitasi huzurida yirik soliq to`lovchilar va importyorlar bilan ishlaydigan hududlararo inspeksiya faoliyatini yo`lga qo`yish zarurligi qayd etildi.
– Qanchalik murakkab bo`lmasin, boshlagan islohotlarimizni oxirigacha etkazishimiz zarur. Lekin targ`ibot-tushuntirish ishlarini bahona qilib, o`rganishlarni tekshiruvga aylantirishga mutlaqo yo`l qo`yilmaydi. Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi.






