AsosiyJamiyat

Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri Samarqanddan topildi...(mi?)

'Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri Samarqanddan topildi...(mi?)'ning rasmi

Yaqinda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi "O`zbekiston" mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli Qorabotir qishlog`idagi qabristonda mashhur "Tohir va Zuhra" dostoni qahramonlarining qabri topilgani va bu joy obodonlashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda mahalladosh.uz yozmoqda.

Qayd etilishicha, Tohir va Zuhra yodgorligining tarixini aniqlash maqsadida arxeolog olimlar Muxtor Pardaev hamda Sobir Rahimboev qabriston hududida va unga tutash tepaliklarda ilmiy tekshiruv ishlarini olib borgan. Tadqiqotlar natijasida topilma joylashgan hudud 3 ming yillik, qabriston esa 1,5 ming yillik tarixga ega ekani oydinlashgan.

Ayni paytda "Oltin meros" xalqaro xayriya jamoat fondi Oqdaryo tumani bo`limi tomonidan ushbu ziyoratgohni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tahririyat xodimlari mazkur jarayonlar bilan tanishish, shuningdek, tarixiy qabrlar haqiqatan ham mashhur doston qahramonlariga tegishli ekaniga oydinlik kiritish maqsadida ushbu hududda bo`lib, fondning tuman bo`limi mutaxassisi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Oygul Mamatova bilan uchrashishgan.

— Tohir va Zuhra ziyoratgohi qadimda Oqdaryo sohilida juda katta maydonni egallagan, biroq keyinchalik daryo o`zanigacha surilib, paxta maydonlariga qo`shib yuborilgan, — deydi O. Mamatova ularga. — Faqatgina o`rtadagi xilxona atrofidagi 1 gektarli maydon saqlanib qolingan. Qorabotir qishlog`i markazga ko`chirib yuborilgach, so`nggi ellik yillar mobaynida qabristonga mayitlar qo`yilmagan, natijada u tashlandiq changalzorga aylanib qolgan. Hozirgi paytda uning atrofi tozalanib, yo`llar ochildi. Qabristondagi boshqa qabrlar deyarli tekislanib ketgan, ammo o`rtadagi uch oshiqning qabri asrlar davomida o`z mahobatini yo`qotmasdan turibdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Tohir va Zuhra ziyoratgohining tarixi IV-V asrlarga borib taqaladi. Bunday xulosaga kelishga asos shuki, zaminimizda islom dini yoyilgunga qadar mavjud bo`lgan qadimiy diniy qoidalar, urf-odatlarga ko`ra, har bir mayit dafn etilayotgan paytda liboslari, qurol-aslahasi, boyliklari bilan birga ko`milgan. Qabrlar orasida esa etti qadamdan masofa qoldirilgan. Bu jihatlar mazkur qabristonda ham ko`zga tashlanadi. Har uchala qabr orasi etti metrni tashkil qiladi.

O. Mamatovaning qayd etishicha, yurtimizning boshqa hududlarida ham Tohir va Zuhra dostoni qahramonlarining ramziy qabrlari belgilangan. Jumladan, ular ayni paytda Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida mavjud. Tarixiy manbalarga asoslanib, Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri aynan Oqdaryo sohilida joylashgan, deyishga asos bor. Chunki geografik tomondan va dostondagi voqealar tafsilotiga nisbatan ham qahramonlar hayoti, yashab o`tgan joyi mana shu maskanga juda mos keladi. Dostonning qadimiy hamda yangi variantlarida ham voqealar Samarqandda bo`lib o`tgani ta`kidlanadi.

— To`g`ri, qabristondagi arxeologik qazishmalar jarayonida bironta qabrtosh yoki yozuvni uchratmadik, ammo boshqa ko`plab ma`lumotlar bu erda Tohir va Zuhraning dafn etilgani ehtimoli borligini ko`rsatadi, — deydi O`zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G`ulomov nomidagi arxeologik tadqiqotlar instituti direktori Amriddin Berdimurodov. — Agar bu joy obod qilinsa, yoshlarimiz uchun juda katta ma`naviyat va tarbiya o`chog`iga aylanadi.

Tarixiy manbalarga ko`ra, IV asrning oxiri va V asrning boshlarida sodir bo`lgan voqealarni o`z ichiga olgan xalq og`zaki ijodining bu nodir namunasi XVII-XVIII asrlarda Muhammad Sayyodiy tomonidan yozib olinadi. Keyingi davrlarda turkman shoiri Mullanafas tomonidan qaytadan nashrga tayyorlanadi. Shu asosda 1938 yilda Sobir Abdulla “Tohir va Zuhra” musiqali dramasini yozadi, 1945 yili esa “O`zbekfilm” studiyasi tomonidan shu nomda film suratga olinadi.

Ayni paytda Tohir va Zuhra ziyoratgohi viloyat hamda tuman hokimliklarining tegishli qarorlari asosida davlat tasarrufiga olingan. Atrofida fermer xo`jaliklari tomonidan bog`lar tashkil etilib, hudud obodonlashtirildi. Shuningdek, yodgorlikni ko`rkam maskanga aylantirish maqsadida mutaxassislar tomonidan Muhabbat qasri majmuasining loyihasi tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim qilingan.

Albatta, mazkur ziyoratgoh tarixi bilan bog`liq tadqiqotlar hali davom etadi. O`ylaymizki, izlanishlar davomida yana ko`plab yangi ma`lumotlarga duch kelamiz. Eng muhimi, bugun ushbu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari avj olgan. Bu esa qisqa muddatda Oqdaryo tumanining chekka hududida yana bir qadamjo, obod maskan, turizm manzili bunyod bo`lishidan darak beradi.

    Boshqa yangiliklar