AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha yordamchisi birinchi o`rinbosari, elchi Elis Uells 25-28 fevral kunlari Qirg`iziston poytaxti Bishkek va O`zbekiston poytaxti Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda AQShning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Elchi E.Uells Bishkekda Qirg`iziston hukumatining yuqori lavozimli mulozimlari bilan muzokaralar o`tkazadi hamda Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida talabalar va o`qituvchilar bilan uchrashadi. Shuningdek, u sobiq prezident Qurmanbek Bakiev oilasi o`margan 4,6 million dollar mablag`ni qirg`iz xalqiga qaytarish bo`yicha olib borilayotgan muvaffaqiyatli qo`shma sa`y-harakatlarni nishonlash uchun Qirg`iziston Respublikasi Moliya vaziri Baktigul Jeenbaeva bilan bo`ladigan ommaviy tadbirda qatnashadi.
Davlat kotibi yordamchisi birinchi o`rinbosari Uells Toshkentda O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birgalikda ikki mamlakat o`rtasidagi yillik maslahatlashuvlarni o`tkazadi.
Diplomat tashrif davomida global va mintaqaviy xavfsizlik, Afg`onistondagi tinchlik jarayoni, iqtisodiy va savdo kelishuvlari, inson huquqlari va diniy erkinliklar hamda sud islohoti, xalq ta`limi va xotin-qizlar huquqi bo`yicha Vashington va Toshkent o`rtasidagi qo`shma dasturlarni muhokama qilish uchun O`zbekiston hukumati yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashadi.
Qayd etilishicha, bu – Qo`shma Shtatlar va O`zbekiston o`rtasidagi strategik hamkorlik sohasida yangi davrni ochib bergan Prezident Shavkat Mirziyovning 2018 yil may oyida Vashingtonga qilgan tarixiy tashrifidan so`ng o`tkazilayotgan birinchi yillik maslahatlashuvdir.
"Qo`shma Shtatlar Prezident Shavkat Mirziyoevning islohot dasturlari hamda ikki xalqlarimiz o`rtasidagi kuchli ikki tomonlama aloqalarning rivojini qo`llab-quvvatlar ekan, O`zbekiston bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanib boradi, deb umid qiladi", - deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.






