AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentlar ikki mamlakat rahbarlarining qat`iy siyosiy irodasi va sa`y-harakatlari tufayli O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi strategik sheriklik va o`zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajadagi o`zaro tashrif va muzokaralar O`zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitdi.

Toshkent va Ashxobodda birgalikda milliy ko`rgazma va biznes forumlari o`tkazilgani, Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilgani, idoralararo hamkorlik mustahkamlanayotgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiyani kuchaytirishga xizmat qildi.

Suhbatda Orolbo`yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha ko`rilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida e`tibor qaratildi.

Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi sammitining muvaffaqiyatli o`tkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamg`armadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi birgalikdagi sa`y-harakatlariga yangi sur`at bag`ishladi.

BMT shafeligidagi Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi o`z faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida o`rmonlar yaratish bo`yicha olib borilayotgan keng miqyosli ishlar yuksak baholandi.

Shuningdek, bo`lajak tadbirlar rejasi yuzasidan, jumladan, joriy yilning aprel oyida Toshkentda bo`lib o`tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko`rish to`g`risida fikr almashildi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligi yo`lida O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar