1

Ayol harbiy xizmatchilari o`rtasida spartakiada o`tkazildi

Jamiyat 04.03.2019, 10:21
Ayol harbiy xizmatchilari o`rtasida spartakiada o`tkazildi

Mudofaa vazirligi sport klubida vazirlik qo`shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollar o`rtasida sport spartakiadasi bo`lib o`tdi.

Sportning 7 turi bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda jami 15 ta jamoa, 200 nafarga yaqin sportsevar ayol harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Spartakiadaning birinchi kunida shaxmat, shashka, suzish va stol tennisi bo`yicha g`oliblar aniqlandi. Suzish musobaqasida Mudofaa vazirligi Markaziy aloqa tuguni xodimi serjant Yu. Keldisheva g`oliblikni qo`lga kiritdi. Stol tennisi bo`yicha finalda Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti vakili kichik serjant A. Habibova Qurolli Kuchlar akademiyasi serjanti F. Ismailovadan ustun kelib, g`alaba qozondi.

Shashka musobaqasida kichik serjant M. Raxmonova birinchilikka erishgan bo`lsa, shaxmat donalarini surishda kichik serjant R.Garashenko g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Chirchiq dala o`quv maydonida o`tkazilgan otish musobaqasi qizg`in tusda o`tdi. Unda Makarov pistoleti qurolidan otish bo`yicha serjant Z.Valixonova, Kalashnikov avtomati qurolidan otishda esa kichik serjant Sh.Xo`jaqulova boshqalardan merganroq bo`lib chiqdi.

Voleybol musobaqasini tomoshabinlar ham ayricha hayajon bilan kuzatishdi. Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Markaziy aloqa tugunidan tarkib topgan jamoa Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari vakillariga qarshi kuch sinashdi. Ushbu musobaqada Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va harbiy havo kuchlari ayollaridan iborat jamoa bir necha yillardan buyon g`oliblikni qo`ldan boy bermay kelayotgan guruhni engib, g`oliblikni qo`lga kiritdilar.

Natijalarga ko`ra, umumjamoa hisobida Qurolli Kuchlar akademiyasi vakillari 1-, Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Markaziy aloqa tuguni jamoasi 2-, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti nomidan qatnashgan ayollar 3-o`ringa sazovor bo`ldilar.

G`oliblarga harbiy orkestr sadolari ostida tashkiliy qo`mita tomonidan faxriy yorliq, medallar hamda esdalik sovg`alari topshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1