AsosiyJamiyat

​Andijon viloyatida gaz ta`minoti idorasi xodimlarining noqonuniy faoliyati fosh etildi

'​Andijon viloyatida gaz ta`minoti idorasi xodimlarining noqonuniy faoliyati fosh etildi'ning rasmi

Andijon viloyatida gaz ta`minoti idorasi xodimlari tomonidan noqonuniy faoliyat amalga oshirilganligi aniqlandi.

Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, “O`ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati “Andijongaz” hududiy gaz ta`minoti filiali xodimlari tomonidan 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning 31 yanvar kuniga qadar 333260 m3 tabiiy gaz noqonuniy etkazib berilishi natijasida jamiyat manfaatlariga 106 million 643 ming 74 so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan.

Jumladan, Andijon shahridagi Ishchilar, Paxtaobod, Maorif, Yangi turmush mahallalari hamda Andijon tumanining Zangibobo nomidagi, Cho`qqi tepa mahallalarida yashovchi 222 nafar fuqaroning xonadoniga ulangan gaz tarmog`i yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Andijon shahridagi Paxtaobod ko`chasida istiqomat qiluvchi 28 nafar fuqarodan 20 million 910 ming so`m pul yig`ib olinganligiga qaramay, xonadonlarga “SGMB-4” rusumli elektron gaz hisoblash uskunasiga oid hujjatlar tayyorlab berilmagan.

Shuningdek, Nayzaqayrag`och mahallasining Yangi shodlik ko`chasida yashovchi 20 ta xonadonning har biridan 480 ming so`mdan — jami 9 million 600 ming so`m mablag` yig`ib olingan. Xonadonlarga esa gaz hisoblagich uskunalari o`rnatilib, yangi abonent daftarchasi, loyiha hujjati, hisoblagich o`rnatilganligi haqidagi dalolatnoma hamda qalbaki qiyoslov sertifikatlari tayyorlab berilgan. Qolaversa, fuqarolarning tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan foydalanishini nazorat olmagan holda, ularga sharoit yaratib berilgan. Natijada 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning 31 yanvar kuniga qadar 198856 m3 noqonuniy tabiiy gazdan foydalanilganligi natijasida jamiyatga 63 million 634 ming 157 so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan.

Gaz ta`minoti idorasining sobiq nazoratchisi B. A. esa 2016 yilning may oyidan 2018 yilning avgust oyiga qadar Andijon shahrining Nayzaqayrag`och mahallasi hududida istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarga o`zini “Gaz idorasi nazoratchisi” deb tanishtirib, ularning ishonchiga kirib, aldab, shu mahallada fuqarolar tomonidan noqonuniy ulanib olib, foydalanib kelayotgan va iste`mol qilingan tabiiy gaz natijasida kelib chiqqan qarzdorlik uchun to`lovlarni amalga oshirishni talab qilib kelgan. Natijada 5 million 750 ming so`m hamda 100 AQSh dollari miqdoridagi pulni firibgarlik bilan qo`lga kiritib, o`zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Bundan tashqari, 2018 yilning sentyabr oyida S.O. va Q.E. Nayzaqayrag`och mahallasining Sahoba ko`chasida yashovchi fuqaro Xolmirza Nazarovning yashash xonadoniga kelishib, tabiiy gaz iste`molidan vujudga kelgan qarzdorlikni 2 million so`m hisoblashib, ushbu qarzdorlikni yo`q qilib berish evaziga undan 1 million so`m miqdorida pul olishgan va olingan mablag`ni o`z ehtiyojlari yo`lida sarflab yuborishgan.

"Surishtiruv ishlari olib borilayotgan ushbu voqeaning aniq tafsilotlari hamda odil xulosasini e`lon qilishga hali vaqtli. Nima bo`lganda ham soha xodimlari xizmat faoliyatida yuzaga kelgan salbiy ko`rinishlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar ko`rilib, fuqarolarning huquqiy manfaatlari himoya qilinishiga ishonamiz", - deyilgan "Xalq so`zi" nashri xabarida.

    Boshqa yangiliklar