Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining "G`ishtko`prik" chegara bojxona posti xodimlari zargarlik buyumlarini yurtimizga noqonuniy olib o`tish holatlariga chek qo`yishmoqda.
Jumladan, mazkur postga kirib kelgan fuqaro T. N.ning xatti-harakatlari xodimlar e`tiborini tortdi. Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazildi. Natijada, uning qo`l yuklari va etigi ichidan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, og`irligi 252 grammni tashkil etuvchi 7,5 million so`mlik 39 dona zargarlik buyumlari yashirilganligi aniqlandi.
Ushbu shaxs U.A. ning qo`l yuklari bojxona nazoratidan o`tkazilganida esa yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan, jami og`irligi 335 gramm bo`lgan, oq metalldan yasalgan 10 million so`mlik, 45 dona zargarlik buyumlarini yashirib, mamlakatimizga olib kirayotgani aniqlandi.
Fuqaro M.D.esa zargarlik buyumlarini yashirincha olib o`tishning yangi usulini o`ylab topgan ekan. Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, egnidagi kurtkasi yoqasi chetiga yashirib tikilgan umumiy qiymati 13,3 million so`mlik 444 gramm zargarlik buyumlarini yashirganligi fosh qilindi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






