AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirining xorijlik o`rinbosari o`z vazifasini bajarishga kirishdi

'Sog`liqni saqlash vazirining xorijlik o`rinbosari o`z vazifasini bajarishga kirishdi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentning qarori bilan Dongvuk Li Sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari va O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, sog`liqni saqlash sohasiga ilg`or xorijiy tajribalarni joriy etish bo`yicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qo`llab-quvvatlashga mas`ul etib belgilangan edi.

O`z vazifasini bajarishga kirishgan Dongvuk Lining vazirlik markaziy apparati va tasarrufdagi muassasalar rahbarlari bilan tanishuv uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Qayd etish joizki, Dongvuk Li o`z vatani – Koreya Respublikasi Sog`liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligida demografik siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etib, tibbiy xizmat narxlarini tartibga keltirish hamda sug`urta tizimini takomillashtirishda ko`maklashgan. Shifoxonalarni boshqarish va tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini yuksaltirish, shuningdek, sog`liqni saqlashning bemorga yo`naltirilgan yaxlit tizimi yaratilishida ham uning xizmati katta. Bundan tashqari, tibbiyot tizimi va resurslari bilan bog`liq siyosat hamda integrasiya dasturini ishlab chiqish va takomillashtirishda yordam bergan.

Sohada mana shunday katta tajribaga ega Dongvuk Li mamlakatimiz uchun muhim yo`nalish bo`lgan tibbiy sug`urta sohasini Koreya Respublikasi tajribasini chuqur o`rgangan holda tatbiq etish, eng muhimi, 2019 – 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta`minlash yo`lida bor bilim va salohiyatini ishga solishini aytib o`tdi.

Eslatib o`tamiz, Dongvuk Li vazir o`rinbosari sifatida xalqaro standartlar va JSST tavsiyalari asosida sohani kompleks huquqiy tartibga solish, majburiy tibbiy sug`urtani joriy etish, tizimni moliyalashtirish va tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini yurtimizda qo`llash, investisiyalarni jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash hamda “elektron sog`liqni saqlash” tizimini keng tatbiq etishga mas`ul hisoblanadi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A. Abduhakimov ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar