O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligida delegasiya a`zolari bilan vazirlik rahbariyatining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Do`stona ruhda o`tgan muloqotda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va ta`lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni atroflicha muhokama qildilar, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot universitetlar o`rtasida ham faol aloqalar mavjud. 2019/2020 o`quv yilidan boshlab yurtimizda I.M.Sechenova nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish ko`zda tutilgan bo`lib, bu borada qo`shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada ta`lim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.
Shuningdek, 2019/2020 o`quv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida «Pediatriya ishi» va «Davolash ishi» ta`lim yo`nalishlari bo`yicha qo`shma fakultet tashkil etiladi.
Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar do`stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda «Dermatovenereologiya» yo`nalishida qo`shma fakultet ochish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida «Davolash ishi» va «Klinik psixologiya» yo`nalishida ham qo`shma fakultetlar tashkil qilinadi.
Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: «Akusherlik va ginekologiya», «Bolalar jarrohligi», «Travmatologiya», «Pediatriya», «Stomatologiya» va «Onkologiya» yo`nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham ko`zda tutilgan.

Qayd etilishicha, delegasiya a`zolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalar hamda tibbiyot oliy o`quv yurtlariga tashrif buyuradilar.






