Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi Rossiyaning Sibir Federal okrugi hududida adashib qolgan 80 yoshli yurtdoshimizning O`zbekistonga qaytishiga amaliy ko`mak berdi. Bu haqda "Xalq so`zi" nashri xabar berdi.
Nelya Simonyans 1939 yilda Andijon viloyatida tavallud topgan. U bir necha yillar avval o`z boquvchisini yo`qotib qo`yadi. Ustiga-ustak xotirasi qisman pasayadi. Rossiya Federasiyasi huquq-tartibot idoralari xodimlari onaxonni topib, uni vaqtincha saqlash uchun Novosibirskdagi kasalxonaga yuborganligi ma`lum bo`ldi.
Onaxonning so`zlariga ko`ra, u bundan bir necha yillar avval nevarasi bilan birgalikda Rossiyaga kelgan va uni yo`qotib qo`ygan. Lekin hali-hamon o`z nevarasini topa olmagan.
— Men O`zbekistonda tug`ilib o`sdim. Otam o`zbek. Butun umr Andijon viloyatining Asaka shahrida halol mehnat qildim. Keksayib qolgan vaqtimda nevaram meni shu erlarga olib keldi. Ammo men uni yo`qotib qo`ydim. Qanday topishni bilmadim. Negadir hech nimani eslolmayapman. Men o`z Vatanim, O`zbekistonni sog`indim, — deydi N. Simonyans.
Nelya Simonyansning o`z manziliga etib borishini ta`minlash masalalari Bosh konsullik va Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilgan.






