Bugun Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi poytaxtimizdagi Bojxona instituti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Professor-o`qituvchilar va kursantlar bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda mehmonga institut faoliyatidagi so`ngi yangilanishlar va o`zgarishlar haqida batafsil ma`lumot berildi. Ayniqsa institut kursantlari tomonidan bojxona sohasiga doir tadqiqot ishlarining ingliz bayon etilganligi Bosh kotibda ijobiy taassurot qoldirdi.
Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 2 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga binoan qayta tashkil qilingan mazkur o`quv dargohida bojxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha bo`yicha ilmiy-tadqiqot masalalari kompleks tarzda yangicha mazmun va shaklda yo`lga qo`yilmoqda.
Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kursantlarida tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qo`llash ko`nikmasini rivojlantirishga yo`naltirilgan yangicha o`qitish tizimini shakllantirildi.
Jumladan, bitiruvchilarda etarli amaliy ko`nikmalarni shakllantirish maqsadida 2018-2019 o`quv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka o`tashdan iborat o`qitish tizimi yo`lga qo`yildi.
Bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun o`qish muddati 3 oydan iborat bo`lgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etilganligi bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilik shundan iboratki, institut faoliyatidagi xalqaro hamkorlik yo`nalishidagi ishlar kadrlar tayyorlash, professor-o`qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkasini o`tkazishda sohaviy etakchi xorijiy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishga asoslanadi.
Ko`zlangan maqsadga ko`ra, kelgusida bojxona xodimlarining bevosita Jahon bojxona tashkiloti bosh Kotibiyatida, xorijiy o`quv dargohlarida amaliyot o`tashlari yo`lga qo`yiladi, PICARD (Partnership in Customs Academic Research and Development) dasturi bo`yicha Bojxona institutiga xalqaro akkreditasiya berish ham nazarda tutilgan.
“Bojxonani rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar sohasida sherikchilik” - PICARD dasturi 2006 yilda amaliyotga joriy etilgan bo`lib, bojxona organlari va akademik doiralar o`rtasida hamkorlik asoslarini yaratishni ta`minlaydi.
O`quv dasturlarining PICARD kasbiy-professional standartlariga muvofiq deb tan olish maqsadida, Jahon bojxona tashkiloti o`quv yurtlarini akkreditasiyadan o`tkazadi.
Ma`lumki har yili 26 yanvar kuni butun dunyo bo`ylab bojxona xizmati xodimlari xalqaro miqyosda o`z kasb bayramlarini nishonlaydilar. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan mamlakatimizda ham 26 yanvar rasman O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kuni etib belgilandi va joriy yilda ilk bora keng nishonlandi. Ayni shu jihatni Bosh kotib chuqur mamnuniyat bilan qabul qilganligini ma`lum qildi.
Uchrashuv davomida Bosh kotib jurnalistlar va kursantlarning savollariga javoblar berdi.
Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriyaning mamlakatimizga tashrifi 2019 yil 7 martga qadar davom etadi. Shu kuni mehmon poytaxtimizning diqqatga sazovor go`shalari – Temuriylar tarixi muzeyi, Amaliy san`at muzeyi, Alisher Nayoiy nomidagi opera va balet katta teatri bilan yaqindan tanishadi.
Davlat bojxona qo`mitasi
Axborot xizmati






