2018 yilning oktyabr oyida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasida rejali auditorlik tekshiruvi o`tkazildi.
Bunda mazkur muassasa mudiri D.Yu. audit tekshiruvi natijalarini kutmagan holda o`z xohishiga ko`ra mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risida ariza taqdim etdi.
Tekshiruv davomida Maktabgacha ta`lim vazirligi auditorlari tomonidan 708 mln. so`m miqdorida o`g`irlik va noqonuniy sarf-xarajatlar holatlari, shu jumladan:
- amalda ishlamaydigan 19 nafar xodimga 592 mln. so`mdan ortiq miqdorda ish haqi to`lash;
- 17,4 mln. so`m miqdorida naqd pul mablag`larini noqonuniy hisobdan chiqarish;
- 4 mln. so`mdan ortiq summaga oziq-ovqat mahsulotlari kamomadi;
- 93,9 mln. so`mlik go`sht va sut mahsulotlarini asossiz hisobdan chiqarish holatlari aniqlandi.
Shuningdek, 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyalanuvchilari 2018 yilning yanvar oyidan boshlab sentyabr oyiga qadar sut, tvorog, qatiq bilan ta`minlanmagan, go`sht esa belgilangan normadan past miqdorda ajratilgan.
2018 yilning 15 noyabr kuni auditorlik tekshiruvi materiallari O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga topshirildi. 2018 yilning 26 dekabrdida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Maktabgacha ta`lim vazirligi audit materiallari asosida jinoiy ish qo`zg`atildi.
Shu bilan birga 2018 yilning 22 oktyabrida Jizzax viloyati Kasaba uyushmasi kengashi D. Yu. ni 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasi mudiri lavozimiga qayta tiklash yuzasidan sudga da`vo bilan murojaat etdi. 2018 yilning 18 dekabrida Jizzax fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudi taqdim etilgan da`voni qanoatlantirib, muassasa mudiriga majburiy progul uchun 3,3 mln. so`m va moddiy zarar uchun 600 ming so`m to`lab berilishi haqida qaror qabul qildi.
«Afsuski, lavozimni sud orqali qayta tiklash keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi. O`z xohishiga ko`ra yoki tegishli modda bo`yicha ishdan bo`shatilgan mudirlar sudda bosim ostida ishdan bo`shaganini ta`kidlab, avvalgi mansabini qaytarishga harakat qiladilar. Birinchidan, bunday arizalar — Maktabgacha ta`lim vazirligiga nisbatan tuhmatdir. Ikkinchidan, biz o`g`irlik, korrupsiyaga oid firibgarliklar va boshqa qoidabuzarliklar bilan bolalar hayoti va salomatligini xavf ostiga qo`yayotgan shaxslar maktabgacha ta`lim tizimiga qaytishiga yo`l qo`ya olmaymiz. O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda insofsiz xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan qonunchilikni to`g`ri qo`llash bo`yicha ishlarni boshladi va davom etadi», — deydi Maktabgacha ta`lim vazirligi yuridik boshqarmasi boshlig`i Umida Usmonova.
2019 yilning 14 yanvarida Jizzax viloyati Maktabgacha ta`lim muassasalari boshqarmasi tomonidan Jizzax fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish yuzasidan kassasiya shikoyati taqdim etildi. O`zbekiston Respublikasida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari, O`zbekiston Respublikasining o`z vaqtida bildirgan munosabati, sud qarorlarining qonunchilik normalariga muvofiq kelishini tekshirish sharofati bilan 2019 yilning 22 yanvarida 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim muassasasi mudirini lavozimiga qayta tiklash va unga 3,9 mln. so`m to`lash to`g`risidagi qaror bekor qilindi.
"Farzandlarimiz xavfsizligi bevosita maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarining professionalligi va halolligiga bog`liq. Maktabgacha ta`lim muassasalarida muntazam ravishda o`tkazib boriladigan auditorlik tekshiruvlari nafaqat qoidabuzarliklarni aniqlash va oldini olishga, balki maktabgacha ta`lim tizimini insofsiz xodimlardan xalos etishga qaratilgan", - deyiladi MTV matbuot xizmati xabarida.
Maktabgacha ta`lim vazirligi maktabgacha ta`lim tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davom etmoqda.






