Bojxona rasmiylashtiruvi harakatda bojxona organi xodimi bojxona deklarasiyasi va boshqa hujjatlarni, ularda ko`rsatilgan ma`lumotlarning to`g`riligini hamda qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tekshiradi va bu jarayonda tegishlibojxona tartib-taomillarini bajaradi.
Ammo mazkur tartiblarga amal qilmay bojxona rasmiylashtiruviga qalbakilashtirilgan hujjatlarni taqdim etish, tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarini o`zgartirish yoki undirilishi lozim bo`lgan to`lovlarni ko`rsatmaslikka bo`lgan urinishlar uchrab turibdi.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari ana shunday qoidabuzarliklarnifoshetishdi.
Jumladan, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari deklarasiyalovchi shaxs X.R. tomonidan xorijdan poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan mas`uliyati cheklangan jamiyat nomiga kelgan 11,26 tonna vazndagi “Elektrodizelli ko`tarma kran” tovarining tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodini to`lov stavkasi past bo`lgan TIF TN kodiga o`zgartirib, bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etmoqchi bo`lganligi ma`lum bo`ldi. Tovarning TIF TN kodini noto`g`ri tasniflash orqali davlat byudjetiga 152,7 million so`m bojxona to`lovlari undirilmay qolishining oldi olindi.
Shuningdek, deklarasiyalovchi shaxs Sh.S. xorijdan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi korxona nomigakelgan "SOLAR225LC-7" rusumli “gidravlik gusenisalik ekskavator”ni “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirib, tegishli hujjatlar bilan “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlariga taqdim etgan. Bojxona yuk deklarasiyasini rasmiylashtiruvi davomida “2018 yilda ishlab chiqarilgan” deb ko`rsatilgan ushbu ekskavator holat jihatidan eskiligi, tovarning o`zida ishlab chikarilgan yili ko`rsatilmaganligi bojxona xodimlarida shubha uyg`otib, qo`shimcha o`rganilganda mazkur ekskavatorlarni ishlab chiqarish 2013 yilda to`xtatilganligi ma`lum bo`ldi. Buning natijasida esa 275,3 million so`m qo`shimcha bojxona to`lovlari undirildi.
Yana bir holatda esa “Sirg`ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari deklarasiyalovchi shaxs T.D. tomonidan xorijdan poytaxtimizdagi korxona nomiga keltirilgan “Idish-tovoqlarni quritish moslamasi” tovarining TIF TN kodini noto`g`ri ko`rsatilganligi aniqlanib, salkam 132 million so`m bojxona to`lovlari undirildi.






