Ma`lumki, ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Daryolar o`zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik sub`ektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish to`g`risida”gi qarori qabul qilingani yuzasidan xabarlar keng yoritilgan edi.
Bugungi kunda daryolar o`zanlarini tozalash jarayonida qum-shag`al materiallarini qazib olish bo`yicha tayyorlangan loyihani amalga oshirish huquqi “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali realizasiya qilinmoqda. Loyihani amalga oshirishdan belgilangan maqsad toshqin suvlarini va sel oqimlarini daryo o`zani bo`ylab aholi punktlari, sug`oriladigan erlar, suv xo`jaligi va boshqa ijtimoiy ob`ektlar uchun salbiy oqibatlarsiz o`tkazib yuborishdan iborat.
Daryolar o`zanlarini tozalash yuzasidan bosqichma-bosqich tayyorlanayotgan loyiha hujjatlarida amalga oshirilishi zarur bo`lgan muhandislik ishlarining parametrlari, loyihaning boshlang`ich narxi va loyihaning muddatlari aniq belgilangan.
Shu bilan birga, loyiha xujjatlarini tayyorlashda loyiha tashkilotlarga buyurtmalar berish jarayonida zamon talablariga javob beradigan yangi texnologiyalarni qo`llash, respublikamizning geografik joylashuvidan kelib chiqib, daryo, soy va jilg`alar o`zanlarining tozalanishi lozim bo`lgan hududlar, joylashgan joyining relefini (tog`li, tog`oldi, tekislik, cho`l va boshqa hududlar) inobatga olish hamda har bir hududda loyiha-qidiruv ishlari jarayonida qum-shag`al materiallari hajmi va mexanik tarkibini aniqlash kabi talablar qo`yilmoqda.