AsosiyJamiyat

Xovosda 17 kunda yangi tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi

'Xovosda 17 kunda yangi tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi'ning rasmi

Ayollar yuzidagi tabassum – nainki oilalar, balki xalq hayotining ham o`ziga xos barometridir.Mamlakatimiz rahbari g`oyasi bilan amalga oshirilayotgan“Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlardan ko`zlangan murod-maqsad ham, avvalo, chekka-olis hududlardagi xotin-qizlarning hayotdan rozi bo`lib yashashi uchun etarlicha shart-sharoit yaratishdan iborat.

Ayniqsa, xotin-qizlarni ham doimiy ish o`rni, ham uy-joy bilan ta`minlashda o`tgan yili o`ziga xos “Mirzacho`l tajribasi” yaratildi: Mirzacho`l tumani markazi – Gagarin shahri qisqa mudddatda tanib bo`lmas darajada o`zgartirildi, xususan, eski barak kulbalar o`rnida yangi-zamonaviy uy-joylar qurilib, bu uylarning katta qismi imtiyozli ipoteka krediti evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehnatga layoqati cheklangan, og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ajratildi. Bu ayollar bandligini ta`minlash, ularning barqaror daromad topib, kredit to`lashi uchun esa “Mirzacho`l tikuvchilik majmuasi” barpo qilindi. Bu bilan 300 nafar xotin-qiz doimiy ish joyiga, ham o`z uyiga ega bo`ldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur “Mirzacho`l tajribasi” mamlakatimiz miqyosida keng mashtabda tatbiq etilmoqda. Prezidentimiz shu yilning 19 fevral kuni Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishish asnosida «Mirzacho`l tajribasi» asosida Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor xotin-qizlarni ham doimiy ish, ham uy-joy bilan ta`minlash maqsadida viloyatda 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish va shu asosda 4 ming 200 dan ziyod xotin-qizni ish bilan ta`minlash bo`yicha topshiriq bergan edi.

Mamlakatimiz rahbarining bu ezgu tashabbusi qariyb 40 yildan beri e`tibordan chetda qolgan, og`ir-murakkab turmush tegirmonida qiynalib kun kechirgan xovosliklarni ruhlantirib, ularning kuchlariga kuch, g`ayratlariga g`ayrat qo`shdi. Xovos eli uyg`ondi. Shunga yarasha marra ham katta olindi.

“Guliston siti”dan keyin “Xovos siti” uchun ham tamal toshi qo`yildi, ramziy qoziq qoqildi. Bu – viloyatda ikkinchi markaziy shahar qurilishiga asos solindi degani. Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko`p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Yangi markaz hududida esa 5 qavatli 30 ta turar-joy binolari, uylarning birinchi qavatida savdo do`konlari barpo qilinadi. Ikki sotixli 100 ta arzon uy-joylar, maktabgacha ta`lim muassasalari, maktab, tibbiyot muassasasi, madaniyat saroyi va boshqa ko`plab ma`muriy binolar qad rostlaydi.

Mana, bu loyihaning ilk natijasi ham bo`y ko`rsatdi: Xovos tumani Bunyodkor mahallasidagi qarovsiz, tashlandiq, sho`r bosgan joyda qisqa muddat – 17 kun ichida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tikuv majmuasi yangidan barpo etildi. Buning natijasida mahalladagi 140 nafar xotin-qiz doimiy ish o`rni bilan ta`minlandi.

“Sirdaryo baraka chevarlari” korxonasining ochilish marosimida ta`kidlanganidek, davlatimiz rahbari g`oyasi bilan Xovosning yangi tarixi yaratilmoqda, mazkur korxona esa ushbu bunyodkorlik solnomasining ilk mujdasidir.

Majmuaning barpo etilishi bilan tumandagi ish bilan band bo`lmagan xotin-qizlarning moddiy farovonligi oshadi. Shu tariqa ular imtiyozli ipoteka krediti evaziga Xovos siti hududidan qurilayotgan turar joylar bilan ta`minlanadi. Ya`ni, ayollar ham ishli, ham uyli bo`ladi. Davlatimiz rahbari Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida ta`kidlaganidek, o`zining uy-joyiga, ish o`rniga ega bo`lgan har bir ayolning ortida oilasi, farzandlari, ota-onasi, yaqinlari borligini hisobga oladigan bo`lsak, qancha xonadonga quvonch kirayotgani, qancha odamning ruhi ko`tarilib, ularda hayotga, kelajakka ishonch paydo bo`layotgani biz uchun eng muhim natijadir.

Korxona to`liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 8 million dona turfa tayyor mahsulotlar – sochiqlar, bolalar va kattalar kiyimlari, choyshablar ishlab chiqariladi. Mahsulotning 60 foizi eksportga, qolgani ichki bozorga yo`naltiriladi. Xom ashyo esa mahalliy korxonalardan olinmoqda.

Ayollarning ishli bo`lishi – sog`lom oila, kuchli jamiyat barpo qilishning mustahkam asosidir. Ayniqsa, turmushning og`ir zarbalariga uchragan, mehnatga layoqati cheklangan, murakkab ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning doimiy ish bilan ta`minlanishi – ularning hayotiga yangi mazmun, katta maqsadlar olib kirmoqda.

Xovosda yangi tikuvchilik majmuasining barpo qilinishi katta bayramga aylanib ketdi. Xovos hayotida tom ma`noda Navro`z – yangi kun boshlandi. Ha, tabiatga hamohang bugun Sirdaryoning eng olis-chekka hududlaridan biri Xovosda ham uyg`onish fasli boshlandi. Bunyodkorlik ruhi, ertangi nurli hayotga intilish odamlarni yangi-yangi marralarga undamoqda. Aslida ham bunyodkorlik madaniyati, obodlik zavqi, to`kis-farovon sharoit insonni ham, xalqni ham ulg`aytiradi.

    Boshqa yangiliklar