O`zEOAVMA Media xollida «Humo Arena» muz saroyining ochilishiga bag`ishlangan media-ivent bo`lib o`tdi, deb xabar berdiO`zEOAVMA matbuot xizmati .
Media-ivent doirasida jurnalistlarning savollariga Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, O`zbekiston xokkey federasiyasi vise-prezidenti Bahodir G`ofurov, «Humo Arena» muz saroyi tantanali ochilishi marosimi tashkilotchisi Madina Tursunova, «Humo Arena» muz saroyi majmuasi qurilishi direksiyasi rahbari Rustam Haydarov, “Enter Engineering pte ltd.” kompaniyasi ijrochi direktori Shohruhmirzo Sattorov kabi rasmiylar javob berishdi.
Spikerlar ishtirokchilarga muz saroyining ahamiyati va texnologik imkoniyatlari, uning ommaviy va professional sport turlarini rivojlantirishdagi o`rni hamda “Humo Arena” muz saroyi majmuasining tantanali ochilishi bilan bog`liq ayrim jihatlari haqida gapirib berishdi.
Qayd etish kerak, 15 martga belgilangan majmuaning ochilish marosimiga 6 ming kishi taklif etilgan. Ular uchun o`zida sport va san`atni mujassamlashtirgan juda qiziqarli va tomoshabop dasturlar tayyorlangan. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tayyorlangan 3D mepping va animasiyalar ham tomoshabinlarni xursand qilishi shubhasiz.
Tadbirlarda milliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etadi. Tantanali ochilish marosimini yoritish uchun Markaziy Osiyo, Rossiya va Evropa davlatlaridan 200 ga yaqin jurnalist taklif etilgan.
Ta`kidlash joiz, «Humo Arena» ko`p tarmoqli muz saroyining qurilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning tashabbusiga ko`ra ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan yirik inshoot barpo etish, O`zbekistonda sportning qishki va boshqa turlarini rivojlantirish, sportni va sog`lom turmush tarzini ommaviylashtirish maqsadida bunyod etilgan.
Majmua qurilishi 2017 yil fevral oyida boshlangan. Shisha va metalldan ishlangan majmua o`zida zamonaviy xay-tek uslubini mujassamlashtirgan. Majmua qurilishida “aqlli” va energiya tejovchi yashil texnologiyalardan keng foydalanilgan. Yangi muz saroyi o`zida zamonaviy me`morchilik echimlari, ilg`or texnologiyalar hamda milliy me`morchilik san`ati an`analarini mujassam etgan.
Loyiha mualliflari mazkur majmuani yaratishda o`zbek xalqida sevgi, baxt va hurlik ramzi bo`lgan Humo qushi obraziga murojaat etgan bo`lib, majmua hududidagi sayr yo`lakchalari ko`rinishi ushbu afsonaviy qushning qanotlariga o`xshatib barpo etilgan.
Majmua 9 gektarlik hududda joylashgan bo`lib, quyidagi ob`ektlarni o`z ichiga olgan:
• ko`p tarmoqli muz arenasi (12 500 o`rinli);
• kichik mashq arenasi (200 o`rinli);
• sport muzeyi, mashq zallari, fitnes-markaz, restoran, sport do`konlari;
• avtomobillar uchun 5-qavatli to`xtash joyi.
Asosiy va kichik uchish arenalarining o`lchamlari Olimpiya standartlariga mos bo`lib (60×30 m), ularni KXL va MXL standartlariga (60x28, 60x26) ham aylantirish mumkin.
Asosiy arena 12 500 kishiga mo`ljallangan bo`lib, undan xokkey uchrashuvlarini o`tkazish uchun foydalaniladi. Zalda o`rindiqlarni joylashuvini o`zgartirish imkoniyati mavjud bo`lib, o`tkaziladigan sport tadbiriga mos tarzda joylashtiriladi. Asosiy arenada shuningdek, basketbol, voleybol, gandbol, futzal uchrashuvlarini, boks, taekondo, short-trek, figurali uchish va kyorling musobaqalari hamda konsertlarni ham o`tkazish mumkin. Arenaga konsert zali holatida 10 000 tomoshabin joylashishi mumkin.
Kichik arenaning sig`imi 200 kishilik bo`lib, u xokkey uchun mashq arenasi vazifasini bajaradi, shuningdek xohlovchilar uchun ommaviy uchishlar tashkil etilishi ko`zda tutilgan.
Majmua hududida sport muzeyidan tashqari, mashq va fitnes zallari, yopiq bolalar maydonchasi, umumiy ovqatlanish nuqtalari, sport buyumlari do`konlari va boshqa ob`ektlar faoliyat ko`rsatadi.
Uning huzurida shuningdek, sport jamoalari va sport kiyimlari va buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi.






