Shu kunlarda bog`lar-u, dalalarda bahorgi yumushlar qizg`in bormoqda. Albatta, yil davomida mo`l hosil olish, hosildorlikni oshirish bugungi harakatga bog`liq. Ayniqsa, fermer xo`jaligi rahbarlarining kayfiyati juda ko`tarinki, nega deysizmi?
Esingizda bo`lsa, 2018 yilning 27 noyabrida “Boshoqli don etishtirishni yanada rag`batlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan edi. Unda sug`oriladigan erlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish “erga nisbatan xiyonat” deb baholanib, er ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar ko`rilishi belgilab qo`yildi.
Bu bejiz emas, albatta. Vaholanki, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida g`alladan gektariga 75-80 sentnerdan hosil olinadi. Yurtimiz olimlari esa 120 sentnerdan oshirib hosil olish mumkin ekanini ta`kidlashmoqda. Shunday ekan, nega hech narsani yolchitmayotgan fermerlarga har yili imkon beraverish kerak?
– Bunga bir narsa deyish qiyin, lekin ishlaydiganlar uchun yaxshi bo`ldi, – deydi Ishtixon tumanidagi “Asalchi Eldor” fermer xo`jaligi rahbari Yaxshiboy Hasanov.– Misol uchun, o`tgan yili qariyb 25 gektarda g`alla ekib, gektaridan 80 sentner hosil oldim. Har gektardan 10 sentner hosil o`zimizda qoldi, qolgani davlatga sotildi. Lekin, u vaqtda rejadan ortiq hosil uchun qo`shimcha haq to`lanmas edi. Endi juda yaxshi bo`ldi. 40 sentnerdan oshgan har bir kilogramm uchun beriladigan foizlar miqdori belgilab qo`yilgan. Marhamat, mehnat qil, mo`l hosil etishtir, shunga yarasha daromad qilasan!
Mulkdorning aytganicha, bor. Oxirgi yillarda davlat shartnomasida belgilangan g`alla tayyorlash rejasini bajargan fermer xo`jaligi yoki qishloq xo`jalik korxonasi zimmasiga rejadan ortiqcha yana 10 yoki 15 foiz don topshirish majburiyati yuklanib kelinayotgandi. Bu holat aslida vaziyatdan chiqish uchun joriy etilgan tartibdir. Chunki hamma fermer xo`jaliklari ham zamindan ko`zlangan hosilni etishtira olmayotgan edi.
Endi esa, g`allakorlarning ishlaydigan davri keldi. Mo`l va sifatli hosil etishtirgan dehqon qo`shimcha daromadga ega bo`ladi. Davlat xaridi uchun etishtirilgan g`allani tabaqalashtirilgan narxlarda sotib olish tartibi joriy qilinmoqda. Boshqacha aytganda, etishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab davlat xaridi uchun etkazib berilgan g`allaga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo`llaniladi. Misol uchun, xarid narxiga boshoqli don hosildorligi har gektar maydondan 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo`lganida – 10 foiz (120 ming so`m), 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo`lganida – 20 foiz (240 ming so`m), 61 sentner va undan yuqori bo`lganida – 25 foiz (300 ming so`m) ustama beriladi. Bunda etishtiriladigan bug`doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o`rtacha narxi bir million 200 ming so`m yoki joriy yildagiga nisbatan 1,6 baravar yuqori darajada belgilandi.
Agar, hosil kam bo`lsa-chi? Unda nima bo`ladi? Qarorda 2019 yildan e`tiboran respublika davlat byudjeti parametrlariga sug`oriladigan erlarda boshoqli don etishtiruvchi fermer xo`jaliklar va boshqa qishloq xo`jalik korxonalariga yagona er solig`ini hisoblashda soliq stavkalarining hosildorlikka qarab koeffisientlar qo`llash tartibi joriy etilishi ko`rsatilgan. Ya`ni, gektaridan o`rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda ikki baravar, hosildorlik o`ttiz bir sentnerdan qirq sentnergacha bo`lganida esa 1,5 baravar ko`paytiruvchi koeffisientlar qo`llaniladi.
Mazkur tartib g`alla etishtiruvchilarni oltinga teng bo`lgan sug`oriladigan erlardan samarali foydalanish, mahsulot etishtirish hajmini ko`paytirish borasidagi mas`uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Suhbatdoshimizdan yon-berida mehnat qilayotgan fermerlarning hosildorligi va yutuqlari haqida so`raganimizda, ular har gektar g`alladan 40 sentnerdan kam hosil olganini, bir oz qiyin ahvolda ekani haqida kuyinib so`zlab berdi. Qiziq, er va suv bir xil bo`lsa, nega siz 80 sentnergacha hosil olasiz-u, ularda hosildorlik past, buning siri nimada? degan savolni berdik. Shuhrat medali sohibi bir oz o`yga tolib, javob berdi.
– Biz paxta hosilini yig`ib olgach, erni karchovka qilib, tuproqqa ishlov beramiz,–dedi mulkdor.–Shu jarayonda begona o`tlarni tozalaymiz, yo`qsa aksariyat erlarni bosib ketadi va g`allani ozuqasiga sherik bo`ladi. Bu jarayonda g`alla ekishni bir oz kechroq, noyabr oyida yakunlaymiz. Qo`shnilar esa karchovka qilmay ekadi. Chunki, ularni hokimiyat majbur qiladi. Aslida qariyb 30 yillik tajribamdan bilaman kechki g`alla ya`ni noyabrning boshida ekilsa hosil yaxshi bo`ladi. U kasalga chalinmaydi. Har yili nafaqat g`alla, balki paxtani ham 110 foizga bajaramiz. Qo`shnilar esa 60 foiz eplaydi.
Mo`l hosil olish sirini bilsangiz, uni tajribada sinovdan ham o`tkazgan ekansiz, nega hokimiyat vakillariga bu haqida aytmaysiz, yoki fermerlar uchun mahorat darslari o`tkazsangiz bo`lmaydimi deganimizda esa, kulib, javob berdi: “Buni hokimiyat vakillari ham biladi, lekin doim xalaqit berishadi. O`zim ham g`allani kech kuzda ekish uchun ulardan qochib, yuragimni hovuchlab yuraman.”
Qarorning dehqonni quvontiradigan jihatlariga to`xtalib o`tishni lozim ko`rdik. Unda oldindan bilish mumkin bo`lmagan favqulodda xususiyatga ega hodisalar (qurg`oqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlar) oqibatida kutilgan hosil olinmaganda hududiy komissiya vaziyatga oydinlik kiritganda davlat xaridi uchun etkazib berilgan don xarid narxida hisob-kitob qilinadi. Holbuki, shu paytga qadar mahsulot etishtiruvchilar turli tabiiy ofatlardan zarar ko`rganda etarlicha himoyalanmasdi.
Qayd etish joizki, er maydoni - cheklangan, kengaymaydigan, ko`paymaydigan resurs. Oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash esa, cheklangan resurslardan oqilona foydalanishni taqozo qilmoqda. Demak, mamlakatning hududi, er maydoni unda yashaydigan xalqning rizq-ro`zi manbai. Erdan samarasiz foydalanish orqali, xalqning rizq-ro`ziga chang solinmaydimi?
O`zA






