Bugun 12 mart kuni Flydubai aviakompaniyasi Dubaydan Toshkentga yangi qatnov ochdi. Flydubai Birlashgan Arab Amirliklarida faoliyat yuritayotgan aviakompaniyalardan to`g`ridan-to`g`ri Toshkentga qatnovchi ilk aviakompaniya bo`ldi. Birinchi reys bortida Birlashgan arab amirliklaridan iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said Al Mansuriy Janobi Oliylari tashrif buyurdi. Delegasiyaga Dubay savdo palatasi va BAA ommaviy axborot vositalari vakillari hamrohlik qildi. Delegasiya O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirining o`rinbosari Shuxrat Vafaev hamda BAAning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Al Mehayrbi tomonidan qabul qilindi.
Endilikda Toshkent—Dubay—Toshkent reyslari haftasiga 5 marotaba amalga oshiriladi. Joriy yilning 31 mart sanasidan boshlab kompaniya qatnovlar sonini haftasiga 7 marotabagacha oshirmoqchi.
Kompaniya bosh direktori Geyt Al Geyt “O`zbekiston ikki davlat o`rtasidagi savdo-sotiq aloqalarini mustahkamlash jarayonining zarur bosqichidir. Biz Dubay va Toshkent o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri qatnov ochish orqali O`rta Osiyodagi etarli darajada xizmat ko`rsatilmagan bozorni kashf etib, Dubayning sayyohlik va savdo oqimlarini yaratish borasidagi g`oyalarni qo`llab-quvvatlagan BAAdagi dastlabki aviakompaniyaga aylanganimizdan mamnunmiz”, dedi.






