Prezident Nurota tumanidagi "Marmarobod" korxonasida tog` jinslaridan mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari har doim bozor talablarini o`rganish, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidlaydi. Bu tovarning xaridorgirligi, korxonaning barqaror ishlashini ta`minlaydi.
Xususan, keyingi yillarda ham ichki, ham tashqi bozorda pardozbop toshlarga talab oshgan. Nurota tumanida bunday toshlarning katta zaxirasi bor.
Prezidentimizning avvalgi tashrifi chog`ida berilgan topshiriqqa muvofiq «Marmarobod» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. 10 milliard so`m mablag` evaziga dashtlikdagi 6 gektar erda zamonaviy korxona ishga tushirildi. Xorijdan 655,5 million dollarlik texnologiya olib kelinib, yiliga 24 ming kvadrat metr granitni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Qirq kishi ish bilan ta`minlandi. Bular loyihaning birinchi bosqichi.
Ikkinchi bosqichda tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlashni klaster usulida yo`lga qo`yish rejalashtirilgan. Loyiha quvvatini yiliga 3 million kvadrat metrga etkazish, mahsulotlar turini ko`paytirish va eksportga yo`naltirish ko`zda tutilgan. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish hajmi 250 milliard so`m, eksport hajmi 10 million dollarga etishi, bir yarim mingga yaqin ish o`rni yaratilishi mumkin bo`ladi.
Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini ko`zdan kechirar ekan, ular jahondagi muqobillaridan qolishmasligini ta`kidladi. Samarali texnologiyalarni qo`llash, transport xarajatlarini arzonlashtirish hisobidan mahsulotlar tannarxini kamaytirish, shu orqali tashqi bozorlarga chiqish bo`yicha topshiriqlar berdi. Pardozbop toshlarni jahon standartlari asosida chuqur qayta ishlaydigan kadrlar tayyorlash, bunyodkorlik ishlarida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shu erda Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda marmardan sanoat haykaltaroshligini tashkil etish, Nurota tumani G`azg`on shaharchasini Bosh reja asosida rivojlantirish loyihalari taqdimoti o`tkazildi.
Prezidentimiz mazkur hudud infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish uchun bu erga temir yo`l olib kelish taklifini bildirdi.







