1

Google Tyuring mukofotining sovrin jamg`armasini 1 million dollargacha oshirdi

Hi-tech 15.11.2014, 13:29
Google Tyuring mukofotining sovrin jamg`armasini 1 million dollargacha oshirdi

Hisoblash texnikasi uyushmasi (ACM) informatika sohasidagi eng nufuzli hisoblangan Tyuring mukofotining miqdori oshirilganini ma`lum qildi. ACM’ga grant ajratgan Google kompaniyasi sabab, mukofot miqdori avvalgiga nisbatan 4 barobar o`sib, hozirgi vaqtda 1 million dollarni tashkil etmoqda.

Shunday qilib, odatda informatika sohasidagi Nobel mukofoti deya ta`riflanadigan Tyuring mukofoti sovrin jamg`armasi bo`yicha ham Nobel mukofoti bilan tenglashib oldi.

«Biz kompyuter ilmidagi olimlarning fundamental hissasini yuqori baholaymiz va ACM ular va ularning yutuqlari haqida butun jahonga ma`lum qilishi uchun yordam berishni xohlaymiz», – deydi Google vise-prezidenti Styuart Feldman.

Tyuring mukofoti taniqli ingliz matematigi, mantiqchisi va kriptografi Alan Tyuring sharafiga nomlangan. Ushbu mukofot ilk bor 1966 yilda taqdim etilgan.

Alan Tyuring – sun`iy idrok nazariyasini rivojlantirgan olimlardan, abstrakt hisoblash bo`yicha «Tyuring mashinasi» asoschisi va hisoblash mashinalarida idrok borligini aniqlovchi test ishlab chiquvchisidir. Bundan tashqari, u Britaniya Kodlar va shifrlar hukumat maktabida ham ishlagan bo`lib, Ikkinchi Jahon urushi davomida nemislarning «Enigma» kodini rasshifrovka qilishda ishtirok etgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1