AsosiyJamiyat

Epidemiologik holat barqaror, xavotirga o`rin yo`q

'Epidemiologik holat barqaror, xavotirga o`rin yo`q'ning rasmi

So`nggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda aholi o`rtasida meningit kasalligi keng tarqalganligi haqida xabarlar paydo bo`lmoqda. Ushbu holat bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan joylardagi vaziyat yuzasidan o`rganish ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, 21 yoshli fuqaro meningit xastaligidan vafot etgan. Sababi esa tibbiy yordamga kech murojaat etganligi bilan bog`liq. Bu kasallik mavsumiy bo`lib, respublikada uchrab turadi va har yili 5 tadan 10 tagacha qayd etilishi mumkin. Joriy yilning o`tgan davrida hammasi bo`lib, 17 nafar fuqaro ushbu kasallikda gumon qilingan. Ularning 6 nafarida laboratoriya tekshiruvi orqali kasallik tasdiqlangan. Ayni paytda o`tkir respirator kasalliklar ya`ni, faringit, nazofaringit kabi xastaliklarga chalingan fuqarolar orasida kasallikni erta aniqlash bo`yicha tibbiyot xodimlarining xushyorligi oshirilgan. Olib borilgan sa`y-harakatlar tufayli ushbu holat Sog`liqni saqlash vazirligining to`liq nazorati ostida. Eng muhimi, meningit aholi o`rtasida keng tarqalmagan, epidemik vaziyat barqaror. Aslida ushbu xastalikning erta bahor mavsumida uchrab turishi tabiiy jarayon bo`lib, shu kunlarda aksariyat Evropa va bizga qo`shni bo`lgan davlatlarda bir necha yuzlab odamlarda ushbu kasallik qayd etilmoqda.

– Ma`lumki, ko`pgina kasalliklar qish fasli tugab, bahor mavsumi kirib kelishi bilan avj oladi. Shu bois Sog`liqni saqlash vazirligi kasalliklarning mavsumiy ko`tarilish davri ekanligini hisobga olgan holda, aholidan o`z sog`lig`iga e`tiborli bo`lishlarini, meningit va shu kabi kasalliklar belgilari, ya`ni, tana haroratining ko`tarilishi, kuchli bosh og`rig`i, qayt qilish, tomoqda achishish singari klinik belgilar kuzatilgan holatlarda darhol tibbiyot xodimlariga murojaat etishlarini so`rab qoladi, – deydi vazirlik bosh epidemiologi, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Nurmat Atabekov. – Shu o`rinda alohida ta`kidlash joizki, meningit xavfli kasallik emas. Agar u ilk bosqichlarda aniqlansa, ushbu xastalikdan oson forig` bo`linadi. Shuning uchun aholining bundan xavotirga tushishiga xojat yo`q.

Meningit xastaligi kuzatilganda, birinchi navbatda, qanday choralarni ko`rishi kerak?

– Meningitning klinik belgilari kuzatilganda, avvalo, tezkorlik bilan shifokorga murojaat qilishi zarur. Aslo o`zicha davolanishga harakat qilmasligi, o`tib ketar deya befarq bo`lmasligi lozim, – deydi Sog`liqni saqlash bosh infeksionisti, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish insitutiti direktori Erkin Musaboev. – Shifokor profilaktika maqsadida tavsiya etgan antibakterial dori vositalarini belgilangan miqdorda va o`z vaqtida iste`mol qilishga qat`iy rioya etishi talab qilinadi. Imkon qadar stasionar sharoitda davolanish tavsiya etiladi. Yoki bo`lmasa, bemorni shifokor tavsiyasi bilan alohida xonaga o`tkazish, ishga, maktabga, umuman olganda, jamoat joylariga bormasligi, jamoat transportidan foydalanmasligi kerak. Bu choralar kasallikning sog`lom odamga yuqushining oldini olishda juda muhim. Chunki, meningit bir odamdan boshqa odam yuqqani sari kuchayib boradi. Shu bois imkon qadar yuqush ehtimoli bo`lgan har bir holatning oldini olishga harakat qilishimiz talab etiladi. Yana bir muhim jihat, yashash joylarning havosini muntazam almashtirish, xonani tez-tez artib-tozalash miningit kasalligining oldini olishda juda muhim o`rin tutadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar