Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida o`z joniga qasd qilish haqidagi xabarlar ko`payib qoldi. Nega? Bundan 20-30 yil avval bunday hodisalar sodir bo`lmaganmi?
Buni ikki talqinda izohlash mumkin: yo ilgari bunday hodisalar rostdan ham kam bo`lgan yo bugungidek tezkor axborot texnologiyalari bo`lmagani uchun o`sha davrlarda bunday xabarlar ommalashmagan. Har ikki holatda ham bu masalaga aslo loqaydlik bilan qarab bo`lmaydi. Zero, insonning hayotdan bezib, o`z joniga qasd qilishi bitta bo`lsa ham katta ijtimoiy fojiadir.
To`g`ri, Namangan viloyatida ham suisid ko`rsatkichi 2018 yilda 2017 yilga nisbatan kamaygan. Biroq bunday ko`ngilsiz hodisalar, ayniqsa, voyaga etmagan yoshlar o`rtasida tez-tez uchramoqda. Biz ushbu og`riqli masalaning tub ildizlari, o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish bo`yicha e`tibor qaratilishi lozim bo`lgan yo`nalishlar xususida Ma`naviyat va ma`rifat markazi Namangan viloyati bo`limi rahbari Muhammadali UBAYDULLAEV bilan suhbatlashdik.
– O`z joniga qasd qilish azaldan har qanday jamiyat va tuzumda yuz berib kelayotgan voqelik. Ammo ilgari asosan katta yoshlilar orasida uchraydigan bu holat, keyingi paytlarda tobora “yosharib” borayotgani kishini tashvishga soladi...
– Bu xususda psixolog, pedagog, shifokor, sosiolog, suisidolog kabi turli sohalarning mutaxassis va ekspertlarigina to`laqonli izohlay oladigan bir necha omillarni sanab o`tish mumkin. Menimcha, o`smirlar o`rtasida o`z joniga qasd qilish holatlari ildizini, avvalo, oiladan qidirish kerak. Bola go`daklik chog`ida ruhiy jarohat olsa, vaqt o`tib u albatta o`zining salbiy ta`sirini namoyon etadi. Ruhiy jarohat deganda nimani tushunishimiz mumkin? Masalan, haddan tashqari qattiq ovoz yoki shovqin. Bu nafaqat oilada er-xotinning baland ovozda janjallashishi, balki muntazam ravishda televizor yoki radioni baland ovozda qo`yish, turli shovqinli dastgohlarni ishlatishni ham shunday omillar sirasiga qo`shish mumkin. Bunday tashqi ta`sirlar uch yoshgacha bo`lgan bolaning ongosti qatlamlarida o`ziga ishonchsizlik, qo`rquv hissiyoti ko`rinishida saqlanib qoladi. Bola jismonan va aqlan voyaga eta boshlagach, shu “jarohat” o`zini “eslata boshlaydi”. Ulg`ayganda to`satdan turli kasalliklarga chalinib qolishiga chaqaloqligida boshiga olgan zarba sabab bo`lgani kabi oila muhitidagi notinchlik endi tahlil qila olish qobiliyatiga ega o`smirni muammoning echimi sifatida turli keskin xatti-harakatlarga, jumladan, o`z joniga qasd qilishga ham undashi mumkin. Bu eng oddiy omillardan birgina misol, xolos. Yuqorida aytganimizdek, insonni affekt holatiga solib qo`yadigan sabablar juda ko`p va ular asosan oilada shakllanadi.
– Yuqori sinf o`quvchilari orasida o`z joniga qasd qilingan holatlar bo`yicha o`rganishlar natijasi o`smirning, masalan, o`zini osishiga hech qanday jiddiy asos yo`qligini ko`rsatadi. Ya`ni o`sha o`smir yoki qiz o`zining xulq-atvori, o`qishdagi yutuqlari bilan maktabning ibratli o`quvchilaridan, oilasi ham mahalladagi namunali oilalardan bo`lib chiqadi. Moddiy jihatdan hech qanday kamchilik yo`q, na uy, na mahalla va na maktabda birov bilan ziddiyatga bormagani aytiladi. Xullas, o`z joniga qasd qilish siri uning o`zi bilan ketib, bu yoqda faqat taxminlar qoladi.
– Ha, bu eng tashvishlanarli hol va buning sabablarini ham bir necha umumiy va xususiy omillar bilan izohlash kerak bo`ladi. Masalan, menimcha suisid haqidagi ma`lumotlar ommaviy oshkor etilishi, uning sabab va oqibatlari muhokama qilinishini ham shunday omillar sirasiga qo`shish mumkin. Biror o`smirning o`z joniga qasd qilgani haqidagi xabar internet tarmoqlari orqali bir zumda butun dunyoga tarqatilmoqda. U o`zini qaerda, qanday osgani yoki zaharlagani tafsiloti mish-mishlar asosida qo`shib-chatib izohlab berilmoqda. “Maktabda bo`ladigan tadbirga onasi pul bermagani uchun...”, “Otasi kompyuter yoki qo`l telefoni olib bermagani sababli...”, tengdoshlarining “U sening onang emas, onang sizlarni tashlab boshqasi bilan ketib qolgan”, deb ko`pchilik orasida malomat qilingani uchun kabi ko`plab sabab va taxminlar “urchitilmoqda”.
Bunga asosan shov-shuv ko`tarish, o`quvchini ko`paytirish vositasida daromad topishni maqsad qilgan ijtimoiy tarmoqlar, saytlarning “munosib hissa qo`shayotgani”ni aslo inkor etib bo`lmaydi. Motiv, tafsilot, “qo`llanma” sifatidagi bunday ma`lumotlarga ega, aqldan ko`ra hissiyotga erk berishga moyil ayrim yoshlar maqsadiga erishish uchun oqibati o`lim bilan tugashini hisobga olmay ota-onasini bir “qo`rqitib” qo`ymoqchi bo`ladi. Oiladagi og`ir muhit, ota-onasining o`zaro munosabati, oila a`zolari yoki atrofidagilarning o`ziga nisbatan tahqirlovchi, johilona, zulmkor munosabati zamirida yuzaga kelgan tushkun vaziyatdan chiqib ketishning eng qulay echimini o`z joniga qasd qilishda ko`radi.
Yoki internet tarmog`idagi, qo`l telefoni, kompyuterda o`ynaladigan turli o`yinlar, televidenie orqali namoyish etilayotgan ayrim filmlar ham axborot xurujining bir yo`nalishi sifatida keng tarqalganki, ularning inson ruhiyatiga, ayniqsa, hali shaxs sifatida to`liq shakllanib ulgurmagan, mustaqil fikriga ega bo`lmagan yoshlar ongiga salbiy ta`siri suisid holatlari ko`payishiga sabab bo`lmoqda. Jangarilik, qotillik, oxir zamon, turli tabiiy falokatlar, jamiyatdagi boshqa ko`plab salbiy holatlar mavzusidagi filmlarni muntazam ko`radigan bola kelajakka ishonchini yo`qotib boradi va uning miyasida shunday holatlarni boshdan kechirmaslik uchun chora izlash bo`yicha psixologik jarayonlar uyg`ona boshlaydi.
Buni bir misolda ko`rish mumkin: agar bugun bir guruh o`quvchini to`plab rasm chizish bo`yicha tanlov o`tkazsangiz yoki shunday topshiriq bersangiz ularning aksariyati jangari film qahramonlari, odam savdosi, giyohvandlik, yong`in, o`rgimchak to`ri elementlari mavjud suratlar chizib, yorqin ranglardan foydalanmayapti. Bu ularning ongida ezgulikdan ko`ra yovuzlik haqidagi axborotlar ustunlik qilayotgani, jamiyat va tabiat salbiy hodisalari oldida o`ziga nisbatan qo`rquv va kelajakka umidsizlik shakllanayotganidan dalolat beradi. Bu bizning uch bosqichli – 0-3, 3-7, 7-18 yoshli ta`lim-tarbiya tizimida bolada immunitetni shakllantirish borasida yo`l qo`yayotgan xatolarimiz borligini ko`rsatadi. Eng ayanchlisi, hatto 8-10 yoshli bolalar o`z joniga qasd qilgan holatlar ham uchramoqda. Vaholanki, bu yoshda bola o`lim haqida nimani biladi, hayot haqida-chi? Hali hayot, o`lim haqida aniq bir tasavvur ham, fikr ham bo`lmaydi-ku, bu yoshda!?
Yana bir omil, ota-ona farzandini moddiy tomondan bekamu-ko`st ta`minlab qo`yishi, chiroyli kiyintirishi, telefon, kompyuter olib berishi, cho`ntagiga katta-katta pul solib qo`yishi mumkin va hokazo. Lekin bularning birortasi bolaga berish kerak bo`lgan haqiqiy mehr va ajratilishi kerak bo`lgan vaqtning o`rnini bosa olmaydi. Bola bilan uch yoshgacha podshoh, o`n yoshgacha qul, o`n yoshdan keyin do`st sifatida munosabatda bo`lish kerak, degan gap bor. Aksariyat hollarda farzandi orzu qilgan barcha sharoitlarni muhayyo qilgan ota-ona bolasining ayni damdagi o`y-xayoli, rejasi, muammosi haqida u bilan bir kunda yarim soatgina samimiy suhbatlashishni ortiqcha deb biladi. O`z uyida topa olmagan e`tiborni bola ko`chadan, begonalardan topishi ham qiyin bo`ladi. Oilada va jamiyatda yolg`izlanib qolgan o`smirda hayotda o`z o`rni borligini ko`rsatib qo`yish istagi tug`iladi, ongida hayot ziddiyatlariga qarshi kurash boshlanadi va bu kurash jarayoni bolada asabiylik, ruhiy zo`riqish holatlarini rivojlantirib, affekt holatigacha olib boradi hamda, afsuski, ayrim hollarda bu o`z joniga qasd qilish bilan tugaydi.
Yana bir omil – bolaning atrof-muhit bilan bog`liq ekani. Bolaning tashqi ko`rinishi, kiyinishi, o`zini tutishiga yondashuvda ajratib ko`rsatish, tabaqalash natijasida unda diviant xulq-atvor hosil bo`ladi. Diviant xulq-atvor o`zi nima? Bu jamiyatda umume`tirof etilgan qoidalarga zid xatti-harakatlarni amalga oshirishdir. Misol uchun, maktab va kollejlarda o`quvchilarni tenglashtirish maqsadida o`quvchi formasi degan masala bor. Bu masala bizda hali to`liq tartibga solingan, deya olmaymiz. Bugungi kunda ta`lim muassasasiga o`quvchi o`z tanloviga ko`ra, biri jinsi shim, boshqasi krossovka kiyib borayapti va bu erda bolaga birinchi erkinlik berib, diviant xulq-atvorga o`tish yo`lidagi dastlabki qadamga ruxsat berilyapti. O`quvchi, “demak shunday qilsam bo`laverar ekan”, degan xulosada ikkinchi umume`tirof etilgan qoidani buzadi. Uchinchisidan keyin esa unga tanbeh berish, cheklash kabi choralar ko`riladi. Erkinlikka o`rganib qolgan o`quvchi buni huquq va erkiga tajovuz qilish, deb o`ylaydi. Ayniqsa, ko`pchilik orasida muhokama qilish, shaxsiyatiga tegish unga og`ir botadi. Demak, ko`p muhokamaga sabab bo`layotgan soqol, kalta yubka va boshqalar to`g`risida bolada diviant xulq-atvor paydo bo`lmasdan oldin tushuntirish ishlari olib borish zarur. Biz esa diviant xulq-atvor eng yuqori darajasiga etganda yoshlarga tazyiq o`tkazishni boshlaymiz. Bu – bizning tarbiyadagi katta xatomiz bo`ladi.
– Bunday xatolarni tuzatish uchun nimalarga e`tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?
– Bizda pedagog va psixologlarga suisidologiya fanini o`qitish tizimi yaxshi yo`lga qo`yilmagan. To`g`ri, bu fan psixologlarga qisman o`qitiladi, lekin pedagoglar ham ma`lum ma`noda psixolog bo`lishi kerak. Shu nuqtai nazardan, rivojlangan davlatlarda chuqur o`qitiladigan suisidologiya fanini bizning pedagog va psixologlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta`lim muassasalarida ham qat`iy o`qitish, malaka oshirish, qayta tayyorlash tizimini yo`lga qo`yish kerak. Zero, qo`limizda suisidga qarshi kurashish uchun qurol bo`lishi lozim. Shuningdek, ota-onalar uchun ham bu masalada qandaydir bilim berish yo`llarini o`ylab ko`rish kerak.
Bolaning kun tartibidagi bir xillikni yo`qotish zarur. Nevrasteniya kasalligiga sabab bo`ladigan bir xillik tibbiy nuqtai nazardan bolada tushkunlik holatini keltirib chiqaradi va bu ham o`z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin. Ba`zan farzandimizning yaxshi kelajagini ta`minlash maqsadida uni majburiy ravishda turli mashg`ulotlarga chambarchas bog`lab tashlaymiz. U ertalab maktabga, darsdan keyin sport seksiyasiga, keyin til o`rganish markaziga boradi, uyda yarim tungacha uyga berilgan vazifalarni bajarishi kerak. Yil bo`yi davom etadigan bunday bir xillilik, boz ustiga zo`riqish bolani zeriktirishi va bezdirib qo`yishi mumkin. Bolada yangiliklarni qabul qilish darajasi pasayib, tushkunlik kayfiyatiga berilib ketadi va unda bu holatdan chiqish uchun “shunday qil”, degan ichki ovoz paydo bo`la boshlaydi.
Bundan tashqari, bugun ko`p muhokamalarga sabab bo`layotgan o`zini osish, zahar ichish kabi ochiq sahnalar ko`rsatilayotgan teleseriallar, milliy mentalitetimizga yot turli reklama roliklari, kliplar kabi ommaviy targ`ibot vositalari orqali tarqatilayotgan mahsulotlarning mazmun-mohiyati, g`oyaviy-badiiy qiymati, ularning ongga ta`siri darajasini aniq bilmay turib ommalashtirmaslik choralarini ko`rish kerak. G`arb davlatlarida bunday masalalar bilan ilmiy muassasalar, laboratoriyalar, markazlar shug`ullanadi.
Xulosa qilib aytganda, suisid – ijtimoiy kasallik, uni davolash uchun jamiyatning har bir a`zosi, oila, maktab, mahalla, ta`lim muassasasi, davlat va jamoat tashkilotlarining uyg`unlikdagi faoliyati konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish lozim.
O`zA






