Ipakchilik ilmiy tadqiqot institutida YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Pilar Alvares-Laso bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
O`zbekistonda ipakchilik sohasi 3 ming yillik tarixga ega. Bugungi kunda Ipakchilik ilmiy tadqiqot institutida mamlakatimizda uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasida yaratilgan ipak qurtining yuqori sifatli va noyob turlari ko`paytirilib, saqlab kelinadi. Ilmiy tadqiqot institutida 120 turdan ortiq ipak qurti zotlari, 230 dan ortiq tut daraxtlari kolleksiyasi saqlanadi. Ularni ko`paytirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarda keng foydalanish ishlari samarali tashkil etilgan.
Bu kabi faoliyatga bugun davlat tomonidan alohida e`tibor qaratib kelinmoqda.
Tashrif doirasida YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari muassasada ipak qurtini ko`paytirish, saqlash va parvarishlar jarayonlari bilan tanishdi.
– Meni institutda ipak qurti va tut navlarining noyob turlari saqlanayotganiga guvoh bo`ldim. Bu bebaho boylikni saqlab, parvarish qilib kelayotgan institut xodimlariga o`z minnatdorligimni bildiraman. Nomoddiy madaniy merosning davlat tomonidan muhofaza qilinayotgani yanada quvonarli, – dedi Pilar Alvares-Laso.
Uchrashuvda institut tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqot va izlanishlarni hamkorlikda davom ettirish, saqlanayotgan ipak qurtining nodir turlari, tut navlarini YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritish masalalari muhokama qilindi.
O`zA






