Joriy yilning 23 mart kuni Samarqand shahrida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida “Qizlarjon” o`quvchi-qizlar sammiti o`z ishini boshladi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati ma`lum qildi.
26 martga qadar davom etadigan sammit Xalq ta`limi vazirligi, Xotin-qizlar qo`mitasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi.
Sammit ishida mamlakatimizning barcha hududlaridan 14-18 yoshdagi jami 140 nafar qizlar ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbir ishtirokchilari “Qizlarjon” klubi koordinatorlari, xalqaro va respublika fan olimpiadalari g`oliblari, hunarmandlik, AKT sohasi bilan shug`ullanayotgan o`quvchi-qizlar, innovasion g`oyalar mualliflari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, yoshlar ittifoqi sardorlari hamda profilaktik hisobdagi tarbiyasi yaxshilanayotgan qizlardan iborat.
Tadbirning tantanali ochilish marosimidan so`ng ishtirokchilar jamoani shakllantirish va jamoa bo`lib ishlash ko`nikmalari, o`ziga bo`lgan ishonchni oshirish bo`yicha psixologik treningda o`z bilimlarini oshirdi.
Keyin esa AQShlik trener Laura Vulfning “Hayotda o`z o`rniga ega bo`lish va muammolarni engish” mavzusidagi mahorat darsida qatnashdi.
Kun yakunida qizlar Samarqand viloyati musiqali drama teatriga tashrif buyurdi hamda teatr va kino san`ati ustalari ishtirokida “Madaniyat va san`at sohasida xotin-qizlarning o`rni va roli” mavzusida davra suhbati va mahorat darsida ishtirok etdi. “Ona yuragi” spektakli namoyishi barchaga manzur bo`ldi.
Ishtirokchilar sammit doirasida guruhlarga bo`lingan holda mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan tashkil etilgan psixologik treninglar, mahorat darslari, hunarmand o`quvchi-qizlar mahsulotlari savdo-yarmarkasida qatnashadi.
“Qizlarjon” o`quvchi-qizlar sammiti o`z ishini davom ettirmoqda.






