Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tilla va zargarlik buyumlarini bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib chiqilishiga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda. Xususan, “G`ishtko`prik” chegara bojxona postida bir necha bojxona qoidabuzarliklari o`z vaqtida aniqlanib, qonunbuzarlarga nisabatan kerakli choralar ko`rildi.
Jumladan, mamlakatimizdan, qo`shni davlatga chiqib ketayotgan fuqaro D.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi. Natijada, fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, jami og`irligi 211 gramm bo`lgan 63,3 million so`mlik sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlarini qo`shni davlatga yashirincha olib chiqmoqchi bo`lganida to`xtatib qolindi.
Aynan shu kunning o`zidayoq, fuqaro M.M.ning ham kirdikori fosh bo`ldi. Ya`ni u xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, jami og`irligi 206 gramm sariq metalldan yasalgan, qiymati 61,8 million so`mlik turli-tuman zargarlik buyumlarini yashirincha olib o`tayotganligi aniqlandi.
Fuqaro T.D.ning nayrangi ham “G`ishtko`prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan o`z vaqtida aniqlandi. Fuqaro xolislar ishtirokida belgilangan tartibdagi shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatmasdan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, jami og`irligi 213 gramm sariq metalldan yasalgan, qiymati 63,9 million so`mlik zargarlik buyumlarini yuklari orasida yashirincha olib o`tishga bo`lgan urinishi naf bermadi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






