O`zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etigan bugungi qabul davomida besh yuzga yaqin fuqaro shikoyatlarini tegishli organ rahbarlariga ma`lum qildi. Ushbu murojaatlar qanday hal etiladi? Bu e`tiborimiz markazida bo`ladi.
Xalq bilan muloqotning muhim vositasiga aylangan Prezident xalq qabulxonasi nafaqat aholidan kelayotgan shikoyat va arizalarni ko`rib chiqish, ularda ko`tarilayotgan muammoli masalalarni tegishli organlar bilan hamkorlikda hal etish, balki joylarda ommaviy qabullar tashkil etishni yo`lga qo`ygan.
Bunday qabullarda Prezident davlat maslahatchisi hamda aholi uchrashishi zarur bo`lgan tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy qabullari tashkil etilmoqda. Mazkur ommaviy qabullar hamda uyma-uy yurishda davomida o`tgan davr ichida bir milliondan ortiq fuqarolar muammolari tinglandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi tomonidan Toshkent shahrida tashkil etilgan navbatdagi ommaviy qabulda Prezident davlat maslahatchisi birinchi o`rinbosari U.Muhammadiev, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Bosh prokuror O.Murodov, Adliya vaziri R.Davletov, Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat soliq qo`mitasi raisi B.Musaev, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaev va boshqa mutasaddilar fuqarolarni shaxsan qabul qildi.
Mazkur tadbirning ochilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi T.Xudaybergenov fuqarolar murojaatlari – xalqning dardu tashvishi ekani va birinchi galda hal etilishi shart bo`lgan masalaga ekaniga e`tibor qaratdi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan qo`yilayotgan talablardan eng muhimidir.

- Odamlar ko`p hollarda idorama-idora yurib, o`zlarini qiynayotgan masalalarni hal qilolmay ovora bo`lmoqda, - deydi T.Xudaybergenov. - Shuning uchun barcha eng zarur tizimlarning rahbarlarni xalq huzuriga olib keldik. Bu imkoniyatdan unumli foydalaning.
Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida qabul uchun ajratilgan maxsus xonalarda rahbarlarning bevosita qabuli kun bo`yi davom etdi.
Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonovning fuqarolarni qabul qilish jarayonini kuzatarkanmiz, sohada ishlab, turli sabablar bilan bo`shagan sobiq xodimlarning ishga tiklashni so`rab qilgan murojaatlari ko`pchilikni tashkil etganiga guvoh bo`ldik.
Vazir har bir murojaatchini sinchkovlik bilan eshitish barobarida ichki ishlar organlarida kasbiga sadoqatli, fidoyi kadrlar xizmat qilishi zarurligiga urg`u berib o`tdi.

Adliya vaziri qabuliga kelgan o`nlab kishilar o`z murojaatlarida uy-joy, ish bilan ta`minlash, egalik huquqi, pensiya kabi masalalar bo`yicha muammolarini hal qilishda amaliy yordam so`radi.
Notarusning mas`uliyatsizligi, egalik huquqini ololmaslik, ishga kirishda amaliy yordam so`ralgan masalalarni Adliya vaziri R.Davletov joyida hal etishga, odamlarga amaliy yordam berish uchun tegishli xodimlarga shu erning o`zida zarur topshiriqlar berdi.
Hujjatlardagi bitta harf mos kelmasligi oqibatida necha oylardan beri sarson yurgan Nasiba Zohidovaning ishi hal bo`ldi, hisob.

Xonadonini o`z do`stiga sotish huquqi asosida ishonchnoma orqali foydlanishga bergan, oqibatda uyidan ayrilgan fuqaroning dardini eshitib, vazir o`ylanib qoldi. Ko`r-ko`rona o`z huquqini o`zgaga topshirgan, o`zini o`z huquqidan mahrum qilib nadomat chekayotgan kishining holi, albatta, juda achinarli. U qanchalik afsuslanmasin, yuqori idora rahbarlariga shikoyat qilmasin, bari befoyda. Chunki yo`qotilgan huquqni endi tiklash imkonsiz. Shu kabi buxorolik bir ayolning vafot etgan o`g`lidan qolgan nabiralarini 14 yilki ko`ra olmayotganidan yozg`irib ko`z yosh to`kishi ham huquq me`yorlariga to`g`ri kelmaydi. Axir huquqlar o`z vaqtida kerakli idoraga borib talab qilingandagina u sizning manfaatingizga moslashadi. Lekin ayrimlar hamon kattaroq rahbarning oldiga borib “Adolat yo`q, qani haqiqat?” deb deb to`polon ko`tarib ishimni hal qilaman, deb o`ylab qattiq adashmoqda.
- Qabul davomida fuqarolarning huquqiy ongi masalasida hali muammolar borligini yana bir karra his qildim, - deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov. – Avvallari huquqiy madaniyatga yuksaltirishga qaratilgan ko`p ish qilingan. Ammo huquqiy ong masalasi bilan hech kimning ishi bo`lmagan. Bugun ayrim odamlar qaysi idora qanday ish bilan shug`ullanishini bilmasdan eshikma-eshik, idorama-idora sarson bo`layotgani o`sha besamar ishlar mahsuli, desak xato bo`lmaydi. Bugun ham o`nlab kishilarni “sizning ko`tarib kelgan masalangiz sudga taalluqli”, deb ularni sud qabuliga yo`naltirdik. Ayrim kishilar esa “Yo`q mening ishimni siz hal qilib berishingiz kerak”, deb turib olayotgani esa hech aqlga sig`maydi. Meni quvontirgani, qabulga kelgan ayrim fuqarolar adliya tizimi faoliyati bilan bog`liq kamchiliklarni ro`y-rost aytib, sohani yanada yaxshilash uchun o`z takliflarini bildirgani bo`ldi. Biz bularni albatta inobatga olamiz. Xalqqa maksimal qulaylik yaratish uchun adliya tizimi xodimlariga eng qattiq choralarni ko`rish zarur bo`lsa, albatta ko`ramiz.
Bosh prokuror qabuliga kirgan uyi olib qo`yilgan, eridan mahrum bo`lib qolgan, korxonasidan ayrilgan, biznesidan judo bo`lgan o`nlab kishilar huquqlarini tiklashda amaliy yordam so`radi. Bularning bari, albatta, alohida o`rganish talab qiladigan, tekshiruv o`tkazilishi shart bo`lgan masalalar hisoblanadi. Shuning uchun barchasi nazoratga olinib, tegishli mas`ul shaxslarga qonuniy hal qilish uchun topshirildi.
“Bugungi qabulda odamlar asosan qanday shikoyatlar bilan kelgan, ular ko`proq nimadan norozi?”, degan savolimizga Bosh prokuror: “Bugungi qabulga shikoyat ko`tarib kelgan fuqarolarning 90 foizi suddan norozi”, deb javob berdi. “Shikoyatchilarning hammasi ham haqmikin?”, degan savolimizga esa, u “Albatta, hammasi haq, deya olmaymiz”, deb javob berdi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev qabuliga kirgan S.Niyozova 2018 yil 5 yanvarda uyi buzilgani, shundan beri bola-chaqasi bilan har erda sarson bo`lib yashayotganini ma`lum qildi.
Holbuki, Qo`shqo`rg`on ko`chasida istiqomat qilgan bu ayolga uyini buzishdan oldin shahar markazidan 2 ta uy berilishi va`da qilingan.
J.Ortiqxo`jaev bu borada kim mas`ul bo`lgani, nega va`da bajarilmagani bilan qiziqdi. Mulozimlar har xil bahonalarni keltirdi. Hokim esa bu masala bugun hal etilishi kerakligini aytdi. Oilasi katta bo`lgan, oilali ikki o`g`li bo`lgan bu ayolga hozircha 2 xonali uy berilishi, sal keyinroq qurilayotgan uylardan 3 xonalisi berilishi ma`lum qilindi.
Qabullarda besh yuzdan ziyod fuqaro shikoyatlarini tegishli organ rahbarlariga ma`lum qildi. Ushbu murojaatlar qanday hal etiladi? Bu e`tiborimiz markazida bo`ladi.






