Buxoro shahridagi “Authentic Travel” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Suv minorasi” inshooti negizida "Buxoro minorasi" (Bukhara tower) turistik majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA rasmiy saytida xabar berildi.
“Suv minorasi” bundan 90 yil ilgari Buxoro shahrining bir qismini ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida rus muhandisi V.Shuxov loyihasi asosida barpo etilgan. Shaharning tarixiy markazida giperbolit shaklida metall konstruksiyalar asosida qurilgan minora o`zining me`moriy echimi bilan ajralib turadi. U 45 yildan ko`proq vaqt mobaynida aholiga xizmat qildi va keyinchalik madaniy meros ob`ekti sifatida ro`yxatga olindi.

Inshootning o`zagi va asosi to`laligicha saqlab qolingan holda poydevorini mustahkamlash maqsadida er sathini pasaytirish va minora yuqori qismini gumbazsimon shaklda ko`tarish hisobiga uning balandligi 32 metrdan 40 metrga etkazildi. Obodonlashtirish va xizmat ko`rsatishni yo`lga qo`yish uchun ob`ekt hududi bir muncha kengaytirildi.

Bugungi kunda Buxoroda xorijiy investorlar ishtirokida va ular bilan hamkorlikda sayyohlik yo`nalishidagi 10 dan ziyod korxona faoliyat ko`rsatmoqda.






