Bugun Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 4-sonli umumta`lim maktabiga borib, o`zi ta`lim olgan ushbu muassasaga sport jihozlari hamda shaxsiy kutubxonasidan kitoblar sovg`a qildi.
Maktab jamoasi va o`quvchilar bilan bo`lgan suhbat chog`ida vazir o`quvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish bo`yicha Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlashda har bir inson faollik ko`rsatishi lozimligini ta`kidladi.

– Umid qilamanki, o`quvchilar bu kitoblarni o`qib o`z bilim va ko`nikmalarini yanada mustahkamlaydi. Yoshlarimiz qaysi sohani tanlamasin, ularning har tomonlama barkamol inson bo`lib etishishlari uchun nafaqat ma`nan, balki jismonan rivojlanish ham muhim rol o`ynaydi. Shuning uchun, o`quvchilar bo`sh vaqtlarini turli zararli odatlarga sarflashiga yo`l qo`ymaslik uchun ularni kitob o`qishga, sport bilan shug`ullanishga da`vat etishimiz zarur, – dedi Dilmurod Nabiev.






