AsosiyJamiyat

“Bo`sh” vagondan 8,5 tonna kartoshka chiqdi?!

'“Bo`sh” vagondan 8,5 tonna kartoshka chiqdi?!'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” PF-5564-son Farmoniga binoan respublikamizga chetdan keltiriladigan kartoshka 2020 yil 1 yanvarga qadar bojxona to`lovlari to`lashdan ozod qilinadigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig`imlar bundan mustasno) oziq-ovqat mahsulotlari ro`yxatiga kiritilgan.

Shunday ekan bu turdagi mahsulotlarni emin-erkin va hech qanday to`siqlarsiz, qonuniy asoslarda respublikamizga import qilish uchun barcha sharoitlar muhayyo.

Afsuski, joriy qilinayotgan bu kabi imkoniyatlar va engilliklarga qaramay hanuzgacha qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yashirin yo`llar bilan olib kirishga bo`lgan urinishlar uchrab turibdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yo`l chegara bojxona postida qo`shni davlatdan kirib kelayotgan yuk poezdi vagonlari inspeksion ko`rik majmuasi orqali ko`zdan kechirilganda, rentgen ekranidagi tasvirlar shubhali tus oldi.

Qarang-ki, hujjatlarda bo`sh deb ko`rsatilgan vagonlardan biriga yuklar ortilgan bo`lib chiqdi. Mazkur vagon xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, ushbu yuklar 340 qop kartoshka ekanligi fosh bo`ldi. Shu tariqa qiymati 25,5 mln. so`mlik 8.5 tonna kartoshkaning bojxona nazoratidan yashirincha olib kirilishi oldi olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar