Germaniyada Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi delegasiyasi “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti va Drezden amaliy fanlar universiteti o`rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur kelishuv doirasida, turizm sohasida qo`shma loyihalarni ishlab chiqish, o`zaro amaliy tajriba almashish hamda ko`p tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ko`zda tutilgan.
Bundan tashqari, Drezden amaliy fanlar universiteti talabalari bilan o`tkazilgan uchrashuvda, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi boshqarma boshlig`i U. Saidov O`zbekistonda turizm sohasida bo`layotgan o`zgarishlar, Evropa mamlakatlari fuqarolari uchun viza rejimi yanada soddalashtirilishi va bekor qilinishi, shuningdek, O`zbekistonning boy madaniyati va tarixi haqida hamda yoshlar turizmini rivojlantirish, investisiya kiritish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma`lumot berdi.
Uchrashuv yakunida, Drezden amaliy fanlar universiteti talabalari O`zbekistonda turizmning yangi yo`nalishlari, jumladan, tog`, ekstremal va yoshlar turizmi bo`yicha katta qiziqish bildirishdi, shuningdek, O`zbekistonga sayyohlarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish bo`yicha o`zlarining amaliy takliflarini ilgari surishdi. Shu bilan birga, talabalar ta`til davomida, mamlakatimizga tashrif buyurish istagi borligini ta`kidlashdi.
“Germaniyada O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilish bo`yicha marketing strategiyasini ishlab chiqish, qo`shma tadqiqotlarda ishtirok etish hamda talabalar o`rtasida o`zaro tajriba almashish masalalarida germaniyaliklar “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti bilan hamkorlik qilishga tayyor” – deydi Drezden amaliy fanlar universiteti rektori Kristof Shols.






