AsosiyJamiyat

Ijtimoiy badallarni to`lash tartibi engillashtirildi

'Ijtimoiy badallarni to`lash tartibi engillashtirildi'ning rasmi

O`zbekiston axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Pensiya jamg`armasiga sug`urta to`lovlarini amalga oshirish bo`yicha fuqarolarga yaratilgan erkinliklar va ularning ahamiyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Anjumanda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi direktori o`rinbosari Shuhratjon Davronov sug`urta to`lovlarini amalga oshirish bo`yicha yaratilgan sharoitlar va yangiliklarga to`xtalib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-sonli qaroriga muvofiq belgilangan imtiyozlar haqida avval xabar bergan edik. Nizomga ko`ra yakka tartibdagi tadbirkorlar, yollanma ishchilar, qoramol boquvchilarning sug`urta badallarini ixtiyoriy to`lash tartiblarida belgilangan stavkalar biroz yuqori (bir yilda eng kam ish haqining 12 baravari –2 mln so`mdan ortiq) bo`lgani sababli o`zini o`zi band qilgan fuqarolarni pensiya badali to`lashga jalb qilishda qiyinchilik tug`ilardi. 2018 yil 5 iyulda prezidentimiz tomonidan imzolangan 3839-sonli qarorga ko`ra esa oldingi stavkalar keskin kamaytirildi. Ya`ni endi chet elda ishlab kelgan fuqarolar eng kam ish haqining 4,5 baravarini (jami 952 ming so`m) to`lashsa bir yillik ish stajiga ega bo`lishadi. Bundan maqsad fuqarolarni pensiya tizimiga o`z hissasini qo`shishga jalb qilish va kelgusida pensiya yoshiga etganda nafaqa olish imkoniyatini yaratib berishdan iborat.

Shuhratjon Davronovning aytishicha hozirgacha ushbu imkoniyatdan foydalanganlar soni 3000 nafardan oshgan. Respublikamizdagi barcha abonentlarga sms tarzida bu yangiliklar haqida xabar berilgani fuqarolarning ish staji va pensiya borasida qiziqishi ortishiga sabab bo`ldi va ular o`zlariga pensiya olish huquqini beruvchi to`lovni amalga oshirishni boshlab yuborishdi.

Abror XOLMATOV, Pensiya jamg`armasining daromad va xarajatlarni prognozlashtirish sektori mudiri:

Bugungi kunda o`z tomorqasida band bo`lgan fuqarolarga ham ish stajiga ega bo`lish imkoniyati yaratildi. Xususun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari faoliyatini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 3680-sonli Qaroriga asosan 4 sotixdan kam bo`lmagan tomorqa erida band bo`lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo`lmagan parranda boqayotgan jismoniy shaxslar ham Pensiya jamg`armasiga eng kam ish haqining bir baravarini to`lashsa bir yillik ish stajiga ega bo`ladilar.

Chet elda ishlovchilar bir necha yillik ish staji uchun badalni birdaniga to`lashlari mumkin

Ma`lumotlarga ko`ra bugungi kunda o`rtacha hisobda 2 millonga yaqin fuqarolarimiz chet elda: Rossiya, Qozog`iston va Koreya kabi davlatlarda ishlab kelmoqda. O`tgan yili 1800 ga yaqin fuqarolar badal to`lab ish staji qayd ettirish imkoniyatidan foydalangan edi. 2019 yil 1 martgacha olingan ma`lumotlarga ko`ra esa shu ikki oy ichida 3000 dan oshiq fuqarolar to`lovlarni amalga oshirib, ish stajiga ega bo`ldilar.

Endilikda agar fuqarolar chet elda 4 yil 5 yil yoki undan ko`p davr mobaynida ishlagan bo`lsalar ham O`zbekistonga kirib kelganda o`tgan davrlardagi badallarni to`lab, o`sha davr uchun ham ish stajlarini hisobga qo`ydirishlari mumkin.

Qog`ozbozlikka chek qo`yildi

Hozirgi vaqtda respublikada o`rtacha hisobda 6 millionga yaqin fuqarolar tomorqa xo`jaliklarida ish bilan bandligi to`g`risida ma`lumotlar mavjud. Xo`sh, bu borada o`z huquqidan foydalanmoqchi bo`lganlar qanday hujjatlar taqdim etishi kerak?

Tomorqasidan foydalanuvchi yoki qoramol, tovuq boqish bilan band bo`lgan fuqaro faqatgina mahalla fuqarolar yig`inidan haqiqatdan ham tomorqa xo`jaligida biron ish bilan shug`ullanayotgani haqida ma`lumotnoma olsa kifoya. Shu ma`lumotnoma va pasportini olib, hududiy davlat soliq inspeksiyasiga boradi. Eng kam ish haqi miqdorida ijtimoiy to`lov to`laydi (202730 so`m – ikki yuz ikki ming etti yuz o`ttiz so`m) va bir yillik stajga ega bo`ladi.

Yana bir muhim jihati shuki, ushbu imtiyozlardan foydalanishda fuqarolarga yana bir qulaylik yaratildi. Ya`ni hozirda Pensiya jamg`armasi va Davlat soliq qo`mitasi o`rtasida elektron ma`lumot almashinuvi yo`lga qo`yilgan. Demak bundan keyin pensiya yoshiga etgan fuqarolar nafaqaga chiqish bo`yicha murojaat qilganlarida jamg`arma tomonidan Davlat soliq qo`mitasiga qog`oz shaklida emas, balki elektron shaklda ma`lumotlar taqdim etiladi va fuqaro to`lagan badallar bo`yicha ma`lumotlar elektron tarzda Pensiya jamg`armasiga yuboriladi. Buning natijasida odamlarning qog`oz shaklida ma`lumotnomalar olib kelishi bilan bog`liq ovoragarchiliklariga chek qo`yiladi.

Anjumanda qatnashgan mutaxassislarning ma`lum qilishicha ayni vaqtda chet elda ishlayotgan fuqarolarning ish stajini belgilab beruvchi ijtimoiy badalni Pensiya jamg`armasiga ularning bu erdagi yaqin qarindoshlari ham to`lashlari mumkin. Yoki ular o`zi ishlayotgan mamlakatdan turib, O`zbekiston Markaziy banki hisob raqamiga to`lov tushirsalar ham bo`ladi. Bunda to`lov miqdori xorijiy valyuta ko`rinishida o`tkazib beriladi.

Matbuot anjumani davomida jamg`arma mutaxassislariga jurnalistlar tomonidan nogironligi bo`lgan farzandlarga qarayotgan onalarga ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to`lash tartibi bo`yicha ham savollar berildi. Aytildiki, bolalikdan nogironligi bo`lgan bolasining parvarishi bilan shug`ullangan onalar ish stajiga ega bo`lmasa ham ularga 55 yoshdan ijtimoiy nafaqa tayinlanadi. Buning uchun ular rasman ariza bilan murojaat qilishlari kerak.

Shu kungacha nogiron farzandi bor ayollardan 598 nafari murojaat qilgan. Ular butun umr kasal farzandini qaragan va hech qaerda ishlamagan. Bundaylarga qat`iy tarzda nafaqa belgilanadi. Pensiya jamg`armasi vakilining ma`lum qilishicha 598 ayol shu yil aprel oyidan o`z nafaqalarini ola boshlaydilar. Bunda qo`shimcha hujjatlar olib kelish talab etilmaydi.

Manzura Bekjonova

    Boshqa yangiliklar