O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ilg`or xalqaro tajribalar asosida Raqamli texnologiyalar o`quv markazlarini tashkil etishni davom ettirmoqda. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o`rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug`ullanish bo`yicha innovasion ko`nikmalar beriladi, «startap» loyihalarga yordam ko`rsatiladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus asosida vazirlik tomonidan respublikamizning barcha tuman va shaharlarida shunday markazlar tashkil etish bo`yicha konsepsiya ishlab chiqilgan.
Navbatdagi «Raqamli texnologiyalar markazi» Buxoro viloyati, Kogon tumanidagi pochta aloqasi tarmog`i binosida ochildi. Ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirok etdi.
Markaz qisqa muddatda zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan ta`minlanib, endilikda unda tuman yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat yo`nalishlarda bilim va ko`nikmalar beriladi.
Shuningdek, ochilish marosimida Kogon shahar hokimi, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.