“Kun.uz” axborot saytida Quva tumani Akbarobod qishlog`ida istiqomat qiluvchi fuqaro Odina Jumaevaning uch egizak farzandini boqishning o`ziga xos mashaqqatlari, ularning salomatligi bilan bog`liq muammolari haqida material e`lon qilingan edi.
Ma`lum bo`lishicha, Odina Jumaevaning asosiy muammosi farzandlariga sun`iy sut mahsulotlarini etkazib berishdagi qiyinchiliklar bo`lgan. Uch egizak farzandlarning tibbiy nazorati esa 80-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Ilhom Umaraliev hamda patronaj xamshirasi Mahliyo Yangiboeva tomonidan muntazam olib borilmoqda. Darhaqiqat, ona va bola salomatligi davlatimizning doimiy e`tiborida bo`lib, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan har bir tug`ilgan bolaning sog`lom voyaga etishi muntazam nazorat qilib boriladi.

Yaqinda Quva tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i A.Sotvoldiev, birlashma boshlig`ining o`rinbosari D.Ibragimova hamda qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri I.Umaraliev Odina Jumaeva xonadoniga tashrif buyurishib, chaqaloqlarning umumiy holatini yana bir bor tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi. Bundan tashqari, egizaklarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borish uchun yo`llanma berildi.

Shunga ko`ra, shu yilning 1 aprel kuni Odina Jumaeva egizak farzandlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ajratilgan tez tibbiy yordam mashinasida viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga olib kelindi. Markazda bosh shifokor Sh.Qo`chqorov boshchiligida pediatr, kardiolog, nevrolog, nefrolog, kardioxirurg, ortoped, reanimatolog hamda UTT shifokorlari tomonidan egizaklar chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.


Tekshiruv natijalariga ko`ra, egizaklarning kattasi Iqboljon va kenjasi Imronjonlarning ahvoli qoniqarli. O`rtanchasi Islomjonda esa kardiologik xastalik mavjudligi aniqlanib, kerakli tibbiy muolajalar o`tkazildi. Ayni paytda uning sog`lig`i yaxshilanib bormoqda.
Egizaklar ayni paytda umumiy amaliyot shifokori, kardiolog hamda patronoj hamshirasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.






