Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, «O`zto`qimachiliksanoat» uyushmasi a`zosi hisoblanuvchi to`qimachilik sanoati korxonalari ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan matolar uchun bojxona to`lovlari to`lashdan ozod qilingan.
Ushbu imtiyozlar respublikamizda keng turdagi sifatli to`qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilishini tashkil etish, uning ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ammo, ayrim qo`shtirnoq ichidagi tadbirkorlar ham borki, ular davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan ushbu imkoniyat va imtiyozlarni suiste`mol qilishga urinishmoqda.
Yaqinda Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumanida tashkil etilgan “SKY TEXTILE” MChJ mansabdor shaxslarining qing`ir ishlariga chek qo`yildi. Aslida korxona boshidanoq noqonuniy faoliyatni ko`zlab tashkil etilgan desak mubolag`a bo`lmaydi.
Gap shundaki, ushbu MChJ mansabdor shaxslari korxona ustavida ko`rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko`zlamasdan noqonuniy yo`llar bilan mulkiy manfaat ko`rish maqsadida o`zaro jinoiy til biriktirib, go`yoki jamiyat hisobida 25 dona turli rusumdagi tikuv dastgohlari mavjudligi, ishlab chiqarish sexida esa 31 ta ishchi-xodimlar faoliyat ko`rsatayotganligi, yiliga 18 mingdan ortiq turli xil tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishni rejalashtirganligi haqidagi soxta ma`lumotlar ko`rsatilgan biznes rejani «O`zto`qimachiliksanoat» uyushmasiga taqdim etib, uyushma a`zoligiga qabul qilingan.
Korxona mansabdor shaxslari o`tgan 2018 yil davomida umumiy qiymati939 million so`mdan ortiq har xil turdagi matolarni mamlakatimizga imtiyoz asosida olib kelgan bo`lsa-da, ushbu matolardan tayyor mahsulot ishlab chiqarish o`rniga ularni naqd pulga sotib yuborgan.
Achinarlisi shundaki, tekshiruv davomida soxta ma`lumotlar asosida ish boshlagan ushbu korxona hisobida ishlab chiqarish uskunalari ham, ishchi xodimlari ham mavjud emasligi oshkor bo`ldi.
Ushbu MChJ mansabdor shaxslarining bojxona imtiyozlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishlari oqibatida 1,8 milliard so`mdan ortiq bojxona to`lovlarini to`lashdan bo`yin tovlaganliklari fosh etildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






