Davlatimiz rahbarining topshirig`i asosida ayni paytda mamlakatimizning barcha hududida Prezident Xalq qabulxonalari aholi muammolarini hal qilish uchun davlat boshqaruvi organlari va sektorlar rahbarlarining ommaviy qabullarini tashkil qilmoqda.
Xususan, kuni kecha Farg`ona viloyati ikkinchi sektori rahbari Sadriddin Turdiev tomonidan Buvayda tumanida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Tumandagi 11 ta mahalla fuqarolar yig`ini ushbu sektor hududida bo`lib, hududda 36 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Fuqarolar, davlat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashgan mazkur tadbirda murojaatlar, asosan, ishga joylashish, sog`liqni saqlash, uy-joy, moddiy yordam, yo`llarni ta`mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, tadbirkorlikni qo`llab quvvatlash hamda kommunal masalalarga oid bo`ldi. Ularning aksariyatiga shu erning o`zida echim topildi.

Masalan, “Yangiqo`rg`on” qishlog`ida yashovchi A.Rizaev tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish, “Oqtom” qishlog`ida yashovchi I.Axmedov davolatish va nogironlik belgilash, “Sho`rtepa” qishlog`ida yashovchi E.Raxmatullaev xususiy maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyatini tashkil etish, “Bandikushod” qishlog`ida yashovchi R.Usmonova fuqarolik sudining qaroridan norozi ekani, “Ariqbo`yi” qishlog`ida yashovchi U.Sotvoliev nogironlik aravachasi bilan ta`minlash, “Anhor” qishlog`ida yashovchi O.Tojiboeva ishga joylashtirish, “Beglar” qishlog`ida yashovchi Sh.Madieva maxalla ko`prigini ta`mirlash, “Urganji” qishlog`ida yashovchi Sh.Axmedov maktab o`quvchilari uchun katta yo`ldan o`tish joyi tashkil etishda yordam so`rab murojaat qildilar.
-Bir necha oy davomida buyon turli tashkilotlarga murojaat qildim, lekin ishga joylasha olmadim. Sayyor qabul davomida Buvayda tumanidagi 14-sonli maktabga ishga qabul qilindim,- deydi ”Cho`l” qishlog`ida yashovchi F.Mamarizaeva.
-Zax suvlari ko`tarilib, daraxtlar qurimoqda, devorlar tulamoqda. Bu haqda tegishli idoralarga qilgan murojaatim ijobiy hal etilmayapti, - deya murojaat qildi “Yangihayot” qishlog`ida yashovchi K.Yuldashev.
Fuqaroning murojaati taaluqli idoralar vakillari ishtirokida o`rganilib, chora-tadbir belgilandi.
Sayyor qabulda shu kabi ko`plab murojaatlar ko`rib chiqilib, aksariyati joyida hal qilindi. Echimi ma`lum vaqt talab etiladigan murojaatlar bo`yicha tegishli tashkilotlarga ko`rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.






