AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri sayyor qabulda 57 ta murojaatni ijobiy hal qildi

'Sog`liqni saqlash vaziri sayyor qabulda 57 ta murojaatni ijobiy hal qildi'ning rasmi

Buxoro viloyati Vobkent tumanida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o`tkazildi. Vobkent, G`ijduvon, Shofirkon, Romitan, Peshku hamda Buxoro tumanlari fuqarolari qatnashgan mazkur tadbirda 57 nafar fuqaroning murojaati atroflicha o`rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Qayd etish joizki, murojaatlarning asosiy qismi tug`ma yurak nuqsoni, tayanch-harakat a`zolari, asab tizimi, buyrak va nafas yo`llari xastaliklari yuzasidan bo`lib, ularning aksariyati imtiyozli asosda tegishliligi bo`yicha viloyat tibbiyot muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanishi belgilandi.

Jumladan, kardiologik jarrohlik operasiyasi orqali davolanishda amaliy yordam so`ragan vobkentlik Maftuna Ergashevaga Respublika ixtisoslashtirish xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolash va operasiya qilish uchun itimyozli asosda yo`llanma beriladigan bo`ldi. Nogironlik aravachasiga ehtiyoji bor yana bir vobkentlik Jalil Juraevga shu erning o`zidanogironlik aravachasi taqdim etildi.

Shofirkon tumanidan O`g`iloy Kamolova esa bosh miya xastaligi bilan og`rigan nabirasi Mirzohid Xayrulloevning davolanishi uchun amaliy yordam so`radi. Ushbu murojaat yuzasidan viloyat tibbiyot muassalaridan pediatr, psixiatr, nevropatolog, ortoped kabi etakchi tor mutaxassislarni tumanga yuborib, bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazish, tajribali mutaxassislar ishtirokida konsilium qilgan holda viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolash choralarini ko`rish belgilandi.

Sayyor qabulda romitanlik Dilmurod Saidovning muammosi ham echim topdi. U ikki tomonlama koksartroz operasiyadan keyingi holat tashxisi bilan davolanish va operasiya uchun amaliy yordam so`ragan edi. Uni endoprotez bilan ta`minlash masalasi shu kunning o`zida hal qilinib, viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli ravishda operasiya qilish va davolash rejalashtirildi.

Hozirgi kunda joylarda aholi bilan bevosita muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida hal etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi. Shu ma`noda, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam tashkil etilayotgan sayyor qabullar tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, xalq bilan yanada samarali muloqotni yo`lga qo`yish, ularning hayotiy ehtiyoj va talablarini yaqindan bilish, xususan, yurtimizda ko`rsatilayotgan kafolatlangan hamda boshqa tibbiy xizmat turlari bo`yicha hal etilmagan muammo yoki takliflarni atroflicha o`rganib, ularga o`z vaqtida echim topish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolar sog`liq atalmish ulkan boylikni asrab-avaylashda o`z yordamini ayamayotgan shifokorlarga o`z minnatdorligini bildirishdi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilgan bo`lib, fuqarolar vazirlikning rasmiy veb-sayti — www.ssv.uz, shuningdek, ushbu internet manzilida ko`rsatilgan elektron pochta yoxud telefon orqali mazkur virtual qabulxonaga to`g`ridan-to`g`ri murojaat yuborishi mumkin. Har bir murojaat shaxsan Sog`liqni saqlash vaziri tomonidan ko`rib chiqilib, nazoratga olinadi hamda qonun doirasida hal etiladi.


    Boshqa yangiliklar